Putin Ukraina bilan hududlarni qisman “almashish”ga tayyor
Olam
−
26 dekabr 9630 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hali ham Ankorij sammitida kelishib olingan muayyan yon berishlarga tayyor. Bu haqda u kecha, 25 dekabr kuni Davlat kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi.
Ukrainaning “Strana” nashri va boshqa OAVlarning avvalgi xabarlaridan kelib chiqib, gap Kreml 2022 yil kuzida okkupatsiya qilingan hududlarda o‘tkazilgan “referendumlar” natijasida Rossiya tarkibiga kiritilgan deb e’lon qilingan Zaporoje va Xerson viloyatlaridan Ukraina qo‘shinlarini chiqib ketishi talabi qo‘yilmasligi haqida ketmoqda.
“Kommersant” ma’lumotlariga ko‘ra, Davlat kengashi yig‘ilishida Putin asosan AQSH va Ukraina bilan urushni to‘xtatish rejasi bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar haqida gapirgan. Jumladan, u “Rossiya tomonidan ham hududlarni qisman almashish istisno etilmaydi”, deb aytgan.
Shu bilan birga, Putin “Kramatorsk–Konstantinovka–Slavyansk (Ukrainaning Donetsk viloyatidagi) tugunining qaysi davlatga tegishli ekani masalasi muhokama qilinmaydi”, deb alohida ta’kidlagan.
Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, hozir Rossiya va AQSH Zaporoje atom elektr stansiyasini (ZAES) qo‘shma boshqarish masalasini muhokama qilmoqda. Aytishicha, AQSH tomoni stansiyada mayning bilan shug‘ullanish imkoniyatiga qiziqish bildirgan, shuningdek, Ukrainaga elektr energiyasi yetkazib berish masalasini ko‘targan.
Ukrainalik mutaxassislar ZAESda ishlashi mumkinmi, degan savolga Putin ular hozir ham u yerda ekanini, “faqat endilikda ularning pasportlari Rossiyaniki”, deb javob bergan. Shuningdek, u yevropalik yetakchilar bilan muzokaralardan so‘ng AQSH ayrim takliflaridan “chekinganini” aytgan va buni zaiflik belgisi deb baholagan.
Bugun, 26 dekabr kuni ertalab Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy yaqin orada AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashishini ma’lum qildi.
“Bir kunni ham yo‘qotmayapmiz. Eng yuqori darajada – Prezident Tramp bilan – yaqin vaqtda uchrashuv bo‘yicha kelishib oldik. Yangi yilgacha ko‘p narsa hal bo‘lishi mumkin”, deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida.
Ukrainaning “The Kyiv Post” gazetasi manbalaridan biriga ko‘ra, agar barcha reja bo‘yicha ketsa, uchrashuv 28 dekabr kuniyoq bo‘lishi mumkin. Noyabr oyi oxirida Donald Tramp Zelenskiy va Putin bilan faqat tinchlik kelishuvi “yakunlangan yoki yakuniy bosqichda bo‘lgan taqdirdagina” uchrashishga tayyor ekanini aytgan edi.
Live
Barchasi