Putin Ukrainada “muqaddas topshiriq”ni bajargan askarlar bilan Rojdestvoni nishonladi (video)

Olam

image

Kecha, 7 yanvar kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Moskva viloyatidagi Muqaddas Georgiy cherkovida Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etgan rossiyalik askarlar va ularning oila a’zolari bilan rus pravoslav Rojdestvo bayramida ishtirok etdi. Bu haqda TASS xabar berdi.

Qayd yetilishicha, Putin marosimda o‘z qo‘shinlarining Rossiyani himoya qilishdagi “muqaddas topshirig‘ini” ado etayotganini e’tirof etgan va birlik, xayriya hamda qurolli kuchlarni qo‘llab-quvvatlash haqida bayram tabrigi yo‘llagan. 

“Ushbu mo‘jizaviy bayram dunyoni ezgulik va muhabbat nuri bilan yoritadi, millionlab insonlarga umid bag‘ishlaydi, avloddan avlodga o‘tib kelayotgan ota-bobolarimizning ma’naviy an’analariga daxldorlik quvonchini tuhfa etadi. Rossiya pravoslav cherkovi hamda boshqa xristian konfessiyalarining jamiyat birligini mustahkamlash, boy tarixiy asrab-avaylash, yoshlarni vatanparvarlik va ma’naviy-axloqiy ruhda tarbiyalashga qo‘shgan ulkan, chinakam noyob hissasini alohida mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman”, degan Rossiya Prezidenti o‘z tabrigida.

Rossiya rahbari qora kostyum kiyib, galstuksiz, harbiylar va ularning oila a’zolari bilan birga bo‘lgan va tadbir yakunida askarlarning farzandlari bilan suhbatlashgan. 

“Bugun biz Rojdestvo bayramining yorug‘ va ulug‘ kunini nishonlayapmiz. Biz Xudoni ko‘pincha najotkor, deb ataymiz, chunki u insoniyatni qutqarish uchun Yerga kelgan. Xuddi shunday, Rossiya askarlari ham doimo, Tangri topshirig‘iga binoan, vatanni himoya qilish, yurtni va uning xalqini asrash missiyasini bajaradi. Rossiyada har doim harbiylarga Xudo topshirig‘i bilan ushbu muqaddas vazifani ado etayotgan insonlar sifatida munosabatda bo‘lishgan”, degan Putin ibodatxonada yig‘ilganlarga.

Ma’lumot uchun, Putin 2000 yildan beri Rojdestvo bayramlarida qatnashadi, ammo 2022 yilda boshlangan urush sabab bayramni ko‘proq Moskva yaqinidagi “Novo-Ogaryovo” davlat qarorgohida nishonlab kelmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, Vladimir Putin Yangi yil bayramida ham Rossiya Qurolli Kuchlari askarlari va qo‘mondonlarini alohida tabriklagan edi.  


Maqola muallifi

Teglar

Putin Ukraina “muqaddas topshiriq”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing