Ukraina, Rossiya va AQSH o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi bosqichi yakunlandi
Olam
−
24 yanvar 6496 1 daqiqa
Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha AQSH tomonidan ilgari surilgan reja doirasida Ukraina, Rossiya va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarning birinchi bosqichi yakunlandi. Bu haqda Ukraina Prezident administratsiyasiga tayanib, Deutsche Welle xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ukraina delegatsiyasi bosh muzokarachisi Rustam Umarovning aytishicha, Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan ilk uchrashuvda urushni yakunlashga olib kelishi mumkin bo‘lgan “hal qiluvchi omillar” muhokama qilingan. Shuningdek, muzokara jarayonining keyingi bosqichlari va uning umumiy mantig‘i yuzasidan fikr almashilgan.
Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri uch davlat vakillari ilk bor AQSHning tinchlik rejasi bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazmoqda. Qo‘shimcha uchrashuvlar bugun, 24 yanvar kuni davom ettirilishi rejalashtirilgan.
Muzokaralar arafasida Moskva o‘zining asosiy talabini yana bir bor takrorlagan. Xususan, Rossiya tomoni Ukraina Qurolli kuchlarini butun Donbass hududidan, jumladan, ilgari Rossiya nazoratida bo‘lmagan hududlardan ham olib chiqishni talab qilmoqda. Ukraina bu talabni qat’iyan rad etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida Rossiya, Ukraina va AQSH vakillari o‘rtasida uch tomonlama muzokaralar boshlangani haqida xabar berilgandi.