Rasman! O‘zbekistonda Ramazon hayiti qachon nishonlanishi e’lon qilindi
Jamiyat
−
18 mart 9965 2 daqiqa
O‘zbekistonda joriy yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 20 martga to‘g‘ri keladi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bugun, 18 mart kuni qabul qilingan tegishli qarorida belgilangan.
Unga ko‘ra, joriy yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 20 mart – juma kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinib, mamlakatda 2026 yil 20 mart kuni Ramazon hayiti bayrami sifatida keng nishonlanadi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Ramazon hayitini hududlarda xalqning milliy an’ana va urf-odatlariga hamda Navro‘z umumxalq bayramiga uyg‘un holda ko‘tarinki ruxda nishonlash, bayram kunlarida aholi o‘rtasida mehr-oqibat, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashga qaratilgan madaniy-ma’rifiy hamda xayriya tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Turizm qo‘mitasi Transport vazirligi bilan birgalikda aholi uchun Ramazon hayiti kunlarida mo‘’tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratadi.
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etiladi.
Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Sardor Umurzoqov zimmasiga yuklanadi.
Eslatib o‘tamiz, bayramlar munosabati bilan quyidagi kunlar dam olinadi:
- 20 mart (juma) – Ramazon hayiti kuni – barcha uchun dam olish kuni;
- 21 mart (shanba) – Navro‘z bayrami kuni – barcha uchun dam olish kuni;
- 22 mart (yakshanba) – dam olish kuni.
- 23 mart (dushanba) - 5 kunlik ish haftasidagi xodimlar uchun dam olish kuni (ishlanmaydigan bayram kuni dam olish kuniga to‘g‘ri kelganligi sababli, bayramdan keyingi ish kuniga ko‘chirilgan dam olish kuni) 6 kunlik ish haftasidagi xodimlar uchun ish kuni.