“Real Madrid” o‘tgan mavsumda rekord daromadga erishdi – OAV

Sport

image

Ispaniyaning “Real Madrid” jamoasi 2025-2026 yilgi mavsum uchun o‘z tarixidagi eng katta  1,248 milliard yevrolik byudjetni tasdiqlashni rejalashtirmoqda. Bu raqam transferlarni hisobga olmaganda, klubning oddiy daromadlarini ifodalaydi. Bu haqda “Marca” nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, mazkur byudjet joriy yilning 23 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Bosh Assambleyada a’zolarga taqdim etiladi. Klubning so‘nggi yillardagi moliyaviy o‘sishi asosan “Santyago Bernabeu” stadionining yangilangan iqtisodiy modeli bilan bog‘liq.

Klubning daromadi 2024-2025 moliyaviy yil yakunlariga nisbatan 63,5 million yevroga (+5%) oshgan. “Real Madrid” rahbariyati ta’kidlashicha, bu o‘sish ikki asosiy omilga tayanadi:

1.      “Santyago Bernabeu” stadionining to‘liq ishlashi;

2.      Yangi tijorat kelishuvlarining kengayishi.

Klub ma’lumotiga ko‘ra, yangilangan “Bernabeu” endi sport taqvimiga bog‘liq bo‘lmagan holda doimiy daromad keltiruvchi moliyaviy dvigatelga aylangan.

2024-2025 yilning o‘zida stadionning yangi korxonalari klubga 79,1 million yevro daromad keltirgan. Ushbu mablag‘ quyidagicha taqsimlangan:     

  •  Turistlar  safari – 52,6 million yevro,
  •  Tadbirlar va konsertlar – 15,4 million yevro,
  •  Restoranlar – 10,3 million yevro.

Bu natijalarga stadion hali to‘liq quvvatda ishlamayotgan paytda erishilgan. 2025-2026 mavsumda esa klub oziq-ovqat zonalarining to‘liq ishga tushirilishi, VIP joylarning to‘liq faollashuvi va xalqaro tadbirlar sonining ortishi hisobiga yanada katta o‘sishni kutmoqda.

1,248 milliard yevrolik byudjet “Real Madrid”ning sportdan tashqari biznes modelini qay darajada samarali yo‘lga qo‘yganini va mashhur stadion endilikda o‘yinlar bo‘lmagan paytda ham daromad keltira olishini yaqqol ko‘rsatadi.

Ma’lumot uchun, “Real Madrid” ayni damda Ispaniya La Ligasida 30 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

byudjet “Real Madrid” “Sant'yago Bernabeu”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing