Gulfood’da O‘zbekiston nimani isbotladi?

Biznes

Joriy yilning 26-30 yanvar kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida dunyoning eng yirik ko‘rgazmalari qatorida sanaladigan “Gulfood-2026” xalqaro oziq-ovqat mahsulotlari hamda ichimlik suvlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

30 yildan beri tashkil etiladigan ushbu ko‘rgazmada ishtirok etuvchi yirik davatlar soni yildan yilga oshib bormoqda. Bu yil 195 ta mamlakatdan 8 500 mingta yirik kompaniyalar o‘z mahsulotlarini olib kelgan. Tashrif buyuruvchilar soni esa 1 million 200 mingdan oshdi.

Ko‘rgazmada Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti, Dubay amiri Shayx Muhammad bin Rashid Al Maktumning shaxsan o‘zi qatnashayotgani Gulfood ning  naqadar mavqei balandligi hamda muhimlik darajasi yuqori ekaniligini ko‘rsatib beradi.

Ushbu ko‘rgazmaning 510 m2 maydonida “Made in Uzbekistan” yagona milliy stendi tashkil etildi va unda  65 ta mahalliy tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etdi. Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, ichimlik suvlari, quritilgan mevalar, dukkakli va qandolat mahsulotlari potensial xaridorlarga namoyish etildi.

Jarayon davomida shirinlik ishlab chiqaruvchi o‘zbekistonlik tadbirkorlar chet el kompaniyasi bilan har oyda 80 tonnagacha mahsulotni eksport qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. 

“Asosiy mijozlar arab davlatlaridan bo‘lyapti. Ular qiziqayotgan mahsulotlar bu qandolat mahsulotlari, pechene, vafli va kekslar. Ular bizning mahsulotlarimizni tatib ko‘rishdi va sifati juda ham yoqdi. Oyiga 70-80 tonna atrofida barqaror olamiz, deyishyapti. Muzokaramizda ikkinchi bosqich bor. U yerda narx-navolar va keyingi bo‘ladigan operatsiyalar muzokara qilinadi”, deydi “ISKO” kompaniyasi direktori o‘rinbosari Shahzod Mutalov. 

195 davlatdan keladigan, bir necha o‘nlab tonnalarda xarid qilishga imkoniyati bo‘lgan tayyor xaridorlarni hamma joyda ham uchratish imkonsiz. Buni tushungan o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning imkoniyatdan foydalanishga urinish darajasini bir so‘z bilan izohlaymiz – maksimum.

Gulfood da mahsulotlar shunchaki ko‘rsatilmaydi. Bu yerda importyorlar qaror qiladi, distrib’yutorlar tanlaydi, kompaniyalar esa butun yilga mo‘ljallangan savdo rejasini shakllantiradi.

Hozirgi kunda o‘nga yaqin davlatlarga eksport qilayotgan bo‘lsak, bu yilgi Gulfood dan kutilayotgan natija kamida shu raqamni ikki baravar oshirish va yangi davlatlar, arab hamda Yevropa mamlakatlariga ham eksport qilish. ISO va halol sertifikatlarimiz bor. Shularga qiziqish bildirib, e’tibor qaratishyapti. Chet elliklar O‘zbekistonda juda sifatli mahsulotlar ishlab chiqarayotganini endi ko‘rib, ishonib, qiziqish bildirishyapti”, deydi tadbirkor Shahzod Sobirjonov

O‘zbekiston pavilonida mehmon bo‘lgan xorijlik tadbirkorlarni ham suhbatga tortdik. Ular o‘z xulosalari va rejalarini ham aytib o‘tishdi.

“Asosan, biz sizning loviyalaringizdan tayyor mahsulot ishlab chiqarishda foydalanmoqchimiz. Bu mahsulotlar konserva ko‘rinishida bo‘ladi. Ayniqsa, qizil kidney loviyasi va pinto loviyasiga katta qiziqish bildiryapmiz. Biz odatda juda katta hajmlarda sotib olamiz. Avvallari Janubiy Amerikadan import qilganmiz, biroq bu safar ilk bor O‘zbekiston ham loviya mahsulotlarini taklif qilayotganini bilib, bizda katta qiziqish uyg‘ondi. Shu bois, O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish imkoniyatidan juda mamnun bo‘lardik”, deydi AQSHdagi “Mina Holding” kompaniyasi prezidenti Tariq Abdulloh.

“Bu pavilonga kirganimda, qandaydir yangi his sezdim. Menga begona, lekin yoqimli atmosfera bor. Biz asosan bolalar uchun kekslar va shirinliklar izlayapmiz. Ularni Somaliga olib ketmoqchimiz. Uzoq muddatli hamkorlik qiladigan ishonchli yetkazib beruvchi qidiryapmiz. Men faqat O‘zbekiston palovini bilardim. Lekin, hozir bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni ko‘rib, juda qiziqib qoldim. O‘zim uchun uchta tadbirkorni belgilab olganman. Ularning takliflarini solishtiramiz. Qaysidir birini tanlashimizga 80 foiz ishonyapman”, deya gapini tugatdi Somalidan kelgan tadbirkor Muhammad Farah Abdulloh. 

Besh kun davom etgan Gulfood’ ko‘rgazmasi Dubayning ikki yirik ko‘rgazmalar saroyida, ya’ni “ Dubai World Trade Centre” va “Dubai Expo City”da bo‘lib o‘tdi. Ushbu ko‘rgazma butun jaxon savdo bozorini o‘z ichida mujassam etgan. Ko‘rgazma o‘zining barqaror o‘sish trayektoriyasiga ega bo‘lib, global savdo tarmoqlarining yuksalishi va yangidan yangi innovatsion g‘oyalar uchun katta imkoniyatlarni taqdim etadi. 

Jarayonlar haqida batafsil ma’lumotni You Tube sahifamizdagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
 


Maqola muallifi

Teglar

Birlashgan Arab Amirliklari Dubay shahri Gulfood O'zbekiston pavil'oni Shayx Muhammad bin Rashid Al Maktum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing