Rimda XIII asrda qurilgan minora qulab tushdi (video)

Olam

image

Bugun, 3 noyabr kuni Italiya poytaxtida joylashgan XIII asrga oid Konti minorasining bir qismi qulab tushdi. Hodisadan so‘ng qutqaruvchilar vayronalar ostidan to‘rt kishini tirik holda chiqarib olgan, ulardan biri og‘ir ahvolda. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.

Balandligi 29 metr bo‘lgan Konti minorasi Rimning eng mashhur sayyohlik joylaridan birining yaqinida joylashgan. U Via dei Fori Imperiali yo‘lining o‘rtasida – markaziy Piazza Venetsiya maydonidan Kolizey tomon olib boruvchi keng xiyobon bo‘yida qurilgan.

Qayd etilishicha, yuzlab sayyohlar qutqaruvchilar zinapoyali lift yordamida jarohatlanganlarni yuqori qavatdan tushirish jarayonini kuzatgan. Uch nafar ishchi qutqarilgach, ichkarida yana bir jarohatlangan shaxs qolgan paytda minoraning boshqa qismi ham qulab tushgan. Shu sababli, bitta ishchi og‘ir tan jarohati olgan. Ikkala holatda ham derazadan chang ko‘tarilib, toshning qulash ovozi eshitilgan.

Shahar hokimiyati ma’lumotlariga ko‘ra, u bir vaqtlar shahar meriyasi idoralariga ega bo‘lgan, ammo 2006 yildan beri foydalanilmagan va kelgusi yil yakunlanishi kerak bo‘lgan to‘rt yillik ta’mirlash loyihasining bir qismi sifatida turgan. Qayta tiklash ishlari tufayli minora atrofidagi hudud piyodalar uchun yopilgan.

Bino XIII asr boshlarida Rim papasi Innokentiy III tomonidan o‘z oilasi uchun qurilgan bo‘lib, dastlab ikki baravar baland bo‘lgan, biroq XIV-XVII asrlardagi zilzilalardan zarar ko‘rganidan keyin pasaytirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonda qo‘lbola tarzda qurilgan to‘rt qavatli turarjoy majmuasi qulab tushishi oqibatida kamida 15 kishi halok bo‘lgandi.

Mohichehra Qadamova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rim minora Innokentiy III

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing