Ronaldu boykotni to‘xtatdi – OAV

Sport

image

Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu ish tashlashini yakunladi va jamoa safida o‘ynashni davom ettirishga tayyor. Bu haqda “A Bola” nashri xabar berdi.

Avvalroq, portugaliyalik futbolchi klub rahbariyatidan norozi ekani, xususan Saudiya Arabistoni suveren boylik jamg‘armasi homiyligidagi raqib klublar – “Al-Hilol”, “Al-Ittihod” va “Al-Ahli”ga ajratilayotgan investitsiyalar “Al-Nasr”nikiga qaraganda yuqoriligi sabab maydonga tushishdan bosh tortayotgani haqida ma’lumotlar tarqalgan edi. Shuningdek, agar yaqin haftalarda klub rivoji bo‘yicha kafolatlar berilmasa, Ronaldu joriy yilning iyun oyida transfer so‘rashi mumkinligi aytilgandi.

Manbaga ko‘ra, futbolchi boykotni to‘xtatgan. 41 yoshli hujumchi joriy yilning 11 fevral kuni OFK Chempionlar ligasi ikkinchi pley-off bosqichi doirasidagi Turkmanistonning “Arkadag‘” klubiga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Biroq, u 14 fevral kuni Saudiya Arabistoni Pro-ligasi 22-turi doirasida “Al-Fateh”ga qarshi safar uchrashuvida maydonga tushishi kutilmoqda.

Nashr ta’kidlashicha, boykot sabablaridan yana biri klubdagi ayrim xodimlar va personal maoshlarining kechiktirilgani bo‘lgan. Rahbariyat barcha qarzdorliklarni bartaraf etgach, portugaliyalik yulduz jamoada o‘ynashni davom ettirishga rozi bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, Krishtianu Ronaldu 2023 yildan buyon “Al-Nasr” safida to‘p surib, 127 ta o‘yinda 111 ta gol muallifiga aylangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Al-Nasr” jamoasi muxlislari Saudiya Arabistoni Premer-ligasining 21-turidan o‘rin olgan “Al-Ittihod”ga qarshi uchrashuv vaqtida portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronalduni qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus aksiya o‘tkazgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Saudiya Arabistoni Krishtianu Ronaldu “Al-Nasr”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing