Ronaldu yana bir mukofotga sazovor bo‘ldi
Sport
−
08 Oktabr 7682 2 daqiqa
Kecha, 7 oktyabr kuni Krishtianu Ronaldu "Portugal Football Globes" tantanali marosimida Prestij mukofoti bilan taqdirlandi. Bu mukofot 40 yoshli portugaliyalik yulduzga o‘zining uzoq yillik mehnatini e’tirof etish maqsadida topshirildi. Bu haqda “A Bola” nashri xabar berdi.
Marosimda so‘zlagan nutqida Ronaldu Portugaliya terma jamoasi safida o‘ynashdan hanuz zavqlanishini va kelasi jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga qat’iy bel bog‘laganini aytdi:
“Biz hozircha faqat navbatdagi o‘yinlarga e’tibor qaratishimiz kerak. Maqsadimiz jahon chempionatiga chiqish va g‘alaba qozonish, lekin bunga bosqichma-bosqich erishamiz. Murabbiy Roberto Martines aytganidek, bugundan zavq olish muhim. Biz uyda, o‘z muxlislarimiz qarshisida o‘ynaymiz va bunday paytlarda Portugaliya yanada kuchli bo‘ladi”, deydi Ronaldu.
Ronaldu, shuningdek, terma jamoa sharafini himoya qilish hali ham uning uchun katta faxr ekanini ta’kidladi.
“Men uchun Portugaliya terma jamoasida o‘ynash sharaf. Muxlislar har doim bizni qo‘llab-quvvatlaydi, natijadan qat’i nazar. Ishonchim komilki, biz kelasi o‘yinlarda g‘alaba qozonamiz va jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritamiz”, dedi Ronaldu.
U o‘ziga berilgan mukofotni faoliyatining yakuni sifatida emas, balki mehnat, fidoyilik va sadoqatning e’tirofi sifatida qabul qilganini aytdi.
“Bu xayrlashuv mukofoti emas. Men buni ko‘p yillik mehnat va ambitsiyalarning natijasi deb bilaman. Menga g‘alaba qozonish va yosh avlodga yordam berish yoqadi. Ular meni ilhomlantiradi va o‘zimni yuqori darajada ushlab turishimga sabab bo‘ladi”, deydi u.
Ronaldu, shuningdek, vaqt o‘tishi bilan futbolga bo‘lgan yondashuvi o‘zgarganini ham tan oldi:
“Agar bu 20 yil oldin bo‘lganida, men dunyoni zabt etaman degan bo‘lardim. Endi esa men hayotni boshqacha ko‘raman. Hamma narsa tez o‘tadi, shuning uchun har bir daqiqadan zavq olishga harakat qilaman. Oilam ham ko‘p bora “yetar, endi to‘xta” deydi, lekin men hali ham o‘zimni foydali his qilaman klubim va terma jamoamga yordam berish men uchun katta faxr”, deydi Ronaldu.
Ma’lumot uchun, Krishtianu Ronaldu Portugaliya terma jamoasi bilan oldinda turgan FIFA kunlarida Jahon chempionati saralash bosqichi uchrashuvlarida maydonga tushadi. Portugaliyaning dastlabki uchrashuvi joriy yilning 11 oktyabr sanasida Irlandiyaga qarshi bo‘lib o‘tadi. Navbatdagi uchrashuvda esa Vengriyani qabul qiladi. Bu uchrashuv 14 oktyabrda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.