Ronaldu jamoadoshlariga qimmatbaho soat sovg‘a qildi
Sport
−
27 noyabr 3507 2 daqiqa
Futbol yulduzi Krishtianu Ronaldu Portugaliya terma jamoasining Millatlar ligasidagi g‘alabasini nishonlash maqsadida har bir jamoadoshiga “Jacob & Co” kompaniyasidan maxsus tayyorlangan hashamatli soat sovg‘a qildi. Bu haqda “Sports Casting” nashri xabar berdi.
Hisobotlarga ko‘ra, ushbu noodatiy sovg‘alarning har biri 280 mingdan 400 ming dollargacha qiymatga ega. Jurnalist Nuno Luzning ma’lum qilishicha, Ronaldu bu noyob soatlarni o‘zining yaqin do‘sti mashhur soatsoz Jeykob Araboga shaxsan buyurtma qilgan.
Har bir futbolchiga o‘z ismi bilan bezatilgan ushbu sovg‘alar Ronaldu tomonidan Armanistonga qarshi 2026 yilgi Jahon chempionati saralash uchrashuvi oldidan yuborilgan. “Al Nasr” yulduzi, shuningdek, fojiali avtohalokatda vafot etgan Diogo Jota xotirasiga hurmat bajo keltirib, shu turdagi soatni marhum futbolchining oilasiga ham yuborgan.
Jota halok bo‘lishidan bir oycha oldin Portugaliya bilan Millatlar ligasi finalida ispanlarni mag‘lub etgan tarkibda maydonga tushgan edi.
Krishtianu Ronaldu Jotaning dafn marosimida qatnashmagani uchun ba’zi muxlislar tomonidan tanqidga uchragandi. Biroq u keyinchalik Pirs Morganga bergan intervyusida bu qarorini izohlab, e’tiborni marhumning oilasidan chalg‘itishni istamaganini aytgan:
“Odamlar meni ko‘p tanqid qilishadi, lekin men bunga e’tibor bermayman. Vijdoningiz pok bo‘lsa, odamlar nima deyayotganidan qo‘rqishingiz shart emas. Otam vafot etganidan beri boshqa qabristonga bormaganman. Qayerga borsam ham, atrofimda sirk bo‘ladi, men esa oilaga tinchlik berishni istadim”, deya qarorini izohlagan edi Ronaldu.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodrigeslarning uzoq kutilgan to‘y marosimi Ronalduning tug‘ilgan shahri Funshalda bo‘lib o‘tishi, nikoh marosimi 2026 yilgi Jahon chempionatidan keyin yozda Funshal katolik cherkovining yirik markaziy ibodatxonasida o‘tkazilishi, ziyofat esa hashamatli mehmonxonada davom ettirilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi