Rossiya 30 yil avval cho‘kkan paromda josuslik bazasini joylashtirgan – OAV

Olam

image

Rossiya 30 yil avval Boltiq dengiziga cho‘kib ketgan “Estoniya” paromi joylashgan hududda NATOning dengizdagi faoliyatini kuzatish uchun maxfiy suvosti razvedka bazasini yaratgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Germaniyaning WDR, NDR va “Süddeutsche Zeitung” nashrlari tomonidan qo‘shma surishtiruv e’lon qilindi.

Qayd etish joiz, “Estoniya” paromi 1994 yil sentyabr oyida Tallin-Stokgolm yo‘nalishida ketayotganida bo‘ron sababli halokatga uchragan. Hodisa oqibatida 852 kishi halok bo‘lgan, ularning ayrimlarining jasadlari hozirgacha 80 metr chuqurlikda, Finlyandiyaning Uto orolidan 35 km uzoqlikda qolib ketgan. Halokatdan so‘ng Finlyandiya, Estoniya va Germaniya hukumatlari u joyga borishni qat’iyan taqiqlagan.

Mazkur cheklovdan foydalangan holda Rossiya razvedka xizmatlari cho‘kkan kema hududida maxfiy suvosti uskunalarini o‘rnatgani taxmin qilinmoqda. Bu qurilmalar dronlar va suvosti robotlarini boshqarish, shuningdek NATO harbiy kemalari va suvosti kemalarining akustik imzolarini yig‘ish uchun xizmat qilgan. Akustik imzo – bu har bir kema dvigateli va vintiga xos bo‘lgan noyob tovush tebranishi bo‘lib, u orqali kemani aniqlash mumkin.

G‘arb razvedkalari bu operatsiyalar ortida Rossiyaning Chuqur suvosti tadqiqotlari bosh boshqarmasi (CHSTBB) turgan deb hisoblaydi. Mazkur tuzilma bevosita Rossiya Mudofaa vazirligiga bo‘ysunadi va suvosti josusligi, diversiya va razvedka operatsiyalarida ixtisoslashgan. 

CHSTBB tasarrufida “Yantar” nomli maxsus maqsadli kema, mini suvosti kemalar va robotlar mavjud. NATO harbiy-dengiz kuchlari “Yantar”ni Rossiyaning eng muhim razvedka kemalaridan biri deb hisoblaydi va uni Boltiq hamda Shimoliy dengizdagi suvosti kabellari va infratuzilma ob’ektlari yaqinida bir necha bor kuzatgan.

2021-2024 yillar davomida Finlyandiya avariyani qayta o‘rganish maqsadida halokat joyi atrofidagi himoya zonasining ayrim qismiga vaqtinchalik kirishga ruxsat bergan. Shu davrda NATO mamlakatlari bu hududda Rossiya suvosti kemalarining faolligi ortganini qayd etgan. Shuningdek, so‘nggi yillarda Litva, Latviya, Buyuk Britaniya va Irlandiya hududlarida noma’lum suv osti datchiklari topilgan. Ular Rossiyada ishlab chiqarilgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Surishtiruvda, shuningdek, Rossiya kompaniyalari ko‘p yillar davomida Kipr orqali vositachilar yordamida ilg‘or G‘arb texnologiyalarini sotib olgani, bu bitimlarning umumiy qiymati 50 million dollarga baholangani qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Estoniya Boltiq dengizi josuslik bazasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing