Rossiya AQSHdan Venesuelaga ketayotgan tanker ortidan quvishni to‘xtatishni talab qildi

Olam

image

Rossiya hukumati AQSHga diplomatik so‘rov yuborib, Erondan Venesuelaga yo‘l olgan Bella 1 neft tankerini qo‘lga olishga urinishlarni to‘xtatishni talab qildi. Bu haqda ikki manbaga tayanib, “The New York Times” xabar berdi.

Ularning aytishicha, murojaat 2025 yil 31 dekabr kechqurun AQSH Davlat departamenti va Milliy xavfsizlik kengashiga yetkazilgan. AQSH Eron neftini tashigani uchun Amerika sanksiyalariga tushgan ushbu tanker ortidan qariyb ikki haftadan beri quvib kelmoqda. Kema Erondan Venesuelaga yo‘l olgan paytda AQSH harbiylari Karib dengizida uni to‘xtatib, tekshirishga uringan. AQSH tomoni tankerni tekshirish xalqaro huquq doirasida amalga oshirilganini bildirgan, chunki kema amaldagi milliy bayroq ostida suzmagan.

Biroq tarkibida Rossiya, Hindiston va Ukraina fuqarolari bo‘lgan Bella 1 ekipaji bo‘ysunishdan bosh tortib, Atlantika okeaniga qaytgan. Keyingi kunlarda AQSHdan himoyalanishga urinib, dengizchilar bortga Rossiya bayrog‘i tasvirini chizgan va radioaloqa orqali Qirg‘oq qo‘riqlash xizmatiga Rossiya yurisdiksiyasi ostida harakat qilayotganini bildirgan. Yaqinda esa Bella 1 Rossiya Dengiz kemalari reyestrida Marinera nomi bilan, Sochi portida ro‘yxatdan o‘tgan holda paydo bo‘lgan. Shunga qaramay, amerikalik amaldor NYT’ga Tramp ma’muriyati tankerni hanuz “davlatsiz” deb hisoblayotganini aytgan, chunki Qirg‘oq qo‘riqlash xizmati bilan ilk aloqada u soxta bayroq ostida harakat qilgan. 

“Marinetraffic” ma’lumotlariga ko‘ra, kema ilgari Gayana bayrog‘i ostida bo‘lgan, quvish boshlangan paytda esa Panama bayrog‘i ostida qayd etilgan.

“Xalqaro huquq nuqtai nazaridan Rossiya himoyasiga o‘tish urinishi qonuniy deb tan olinishi ehtimoldan yiroq bo‘lsa-da, Moskvaning diplomatik aralashuvi Vashington va Karakas o‘rtasidagi davom etayotgan qarama-qarshilik fonida kemani musodara qilish jarayonini murakkablashtirishi mumkin”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 16 dekabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Venesuelaga va undan chiqayotgan sanksiya ostidagi barcha neft tankerlariga nisbatan “to‘liq va mutlaq” blokada joriy etish buyrug‘ini bergan edi. Bu orqali u Nikolas Maduro hukumatiga bosimni kuchaytirishni ko‘zlagan. Bundan avval AQSH Karib dengiziga bortida 4 ming harbiy, o‘nlab qiruvchi samolyotlar va jangovar vertolyotlar bo‘lgan eng yirik USS Gerald R. For aviatasuvchisi boshchiligidagi zarba guruhini yuborgan.

Neft eksporti Venesuela iqtisodiyotining asosiy daromad manbai bo‘lib qolmoqda. Avvalroq AQSH Karib dengizida Skipper va Centuries nomli yana ikki tankerni tekshiruvdan o‘tkazib, ulardagi 2 million barrel xom neftni musodara qilgan va bunday amaliyotlarni davom ettirish niyatini bildirgan. Bunga javoban Maduro Venesuela harbiy-dengiz flotiga tijorat kemalarini qo‘riqlash buyrug‘ini bergan, bu esa ochiq dengizda amerikaliklar bilan qurolli to‘qnashuv xavfini oshirgan.

Tramp Maduroni giyohvand moddalar kontrabandasi va Amerika kompaniyalariga tegishli neftni talon-toroj qilishda ayblab keladi. Noyabr oyida u Venesuela Prezidentiga bir hafta ichida iste’foga chiqib, oilasi bilan mamlakatni xavfsiz tark etishni taklif qilgan edi. Belgilangan muddat tugagach, Tramp respublika ustidagi havo hududini yopdi va Maduro hokimiyati tez orada yakunlanishini aytdi. Maduro esa bunga javoban Vashingtonni mamlakatda rejimni almashtirishga urinishda aybladi va bunga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Venesuela neft' tankeri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing