Rossiya aviakompaniyalari eski samolyotlarni parvozga qaytarmoqchi

Olam

image

Rossiya aviatashuvchilari ilgari konservalangan (foydalanishiga yaroqsiz deb olib qo‘yilgan) ba’zi samolyotlarni 2026 yilda xizmatga qaytarishni rejalashtirmoqda. Rossiyada samolyotlar yetishmasligi mamlakatga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar bilan yanada kuchaygan. Bu haqda bugun, 19 yanvar kuni “Izvestiya” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 12 ta samolyot allaqachon qayta foydalanish uchun tiklangan. Shundan 10 tasi amaldagi samolyotlarni ta’mirlash dasturi doirasida aviakompaniyalarga qaytarilgan. Qolgan 2 tasi ham tez kunda ta’mirdan chiqarilib aviakompaniyalarga qaytarilishi rejalashtirilmoqda. Dastur 2027 yilgacha uzaytirilgan.

Shuningdek, ilgari konservalangan xorijiy samolyotlar ham qayta tiklanmoqda. Xususan, muntazam reyslarda ishlaydigan ikki qavatli Boeing 747 samolyotlari soni 2026–2027 yillarda 2 baravar ko‘payishi mumkin. “Rossiya” aviakompaniyasi ushbu samolyotlar parkini ikkitadan to‘rttagacha ko‘paytirishni rejalashtirmoqda. Mazkur samolyotlar aviakompaniya tomonidan Transaero bankrotligidan keyin sotib olingan va ilgari omborda bo‘lgan. Ulardan biri 2025 yil noyabr oyida qayta tiklangan, ikkinchisi esa 2027 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Rossiya aviakompaniyalari uchun Boeing 747 samolyotlarini ta’mirlash – texnik baza va mutaxassislar mavjud bo‘lgan do‘stona mamlakatlarda, masalan, Eronda amalga oshirilishi mumkin.

Mutaxassislar eski samolyotlarning qaytishini Ukrainadagi urush tufayli joriy etilgan sanksiyalar tufayli Rossiyada samolyotlarning yetishmasligi bilan bog‘lamoqda. Bundan tashqari, Rossiya aviatsiya sanoati hali o‘z samolyotlarini ommaviy ishlab chiqarishga qodir emas. 

Bundan tashqari, 2025 yilga kelib Rossiya dilerlari uchinchi mamlakatlar orqali Airbus va Boeing uchun sanksiyadagi ehtiyot qismlarning “kulrang importi”ni yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan. Bu Rossiya aviakompaniyalariga sanksiyalarga qaramay, G‘arb samolyotlaridan foydalanishni davom ettirishga imkon beradi.

Ma’lumot o‘rnida, “Rossiya” aviakompaniyasida yettita Boeing 747 samolyoti bor. Ularning eng eskisi 28 yillik, eng yangisi esa 25 yillik. Ularning uchishga yaroqlilik sertifikatlari 2021 va 2024 yillar oralig‘ida tugagan. Red Wings aviakompaniyasining flotida 4 ta “Tu-204” samolyoti mavjud. Ularning eng “navqironi” 31 yillik, eng yangisi esa 17 yillik. Ushbu samolyotlarning uchishga yaroqlilik sertifikatlari 2019 va 2025 yillar oralig‘ida tugagan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya samolyot aviatsiya Boeing 747

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing