Rossiya urush qurbonlarining dafn marosimlariga rekord miqdorda mablag‘ ajratdi
Olam
−
24 yanvar 4758 2 daqiqa
2025 yilda hukumat Rossiya askarlari xotirasiga bag‘ishlangan yodgorliklar uchun kamida 111 million rubl (taxminan 1,5 mln dollar) va Ukrainada halok bo‘lganlarning dafn marosimlari uchun 17,8 million rubl (taxminan 239 mln dollar) ajratgan. Bu haqda kecha, 23 yanvar kuni “Vyorstka” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiya hukumati Ukrainaga qarshi urushda qatnashganlarni xotirlash uchun yodgorliklar qurish, shuningdek, qo‘shni mamlakatga bostirib kirish paytida halok bo‘lgan rossiyalik askarlarining dafn marosimlarini moliyalashtirish uchun taxminan 130 million rubl ajratgan.
2025 yilda Rossiya harbiy xizmatchilarini dafn etish bilan bog‘liq shartnomalar ko‘pincha Novosibirsk viloyati, Komi Respublikasi va Chukotka avtonom okrugiga berilgan. Biroq jurnalistlarning aytishicha, davlat xaridlari portali Ukrainadagi urush ishtirokchilarining dafn marosimlari uchun davlat va turli tashkilotlar tomonidan ajratilgan mablag‘larning faqat bir qismini qayta ishlaydi.
Urushda Rossiyaning yo‘qotishlari haqidagi taxminlar turlicha. 2025 yil dekabr oyida NATO Ukrainaga to‘liq ko‘lamli bostirib kirish boshlanganidan beri halok bo‘lgan va yaralangan Rossiya qo‘shinlarining umumiy sonini taxminan 1,15 millionga, qurbonlar soni esa 250 mingga yetganini taxmin qilgan. Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi urushda 1,2 milliondan ortiq Rossiya askari halok bo‘lgani va yaralanganini taxmin qilmoqda.
NATO Bosh kotibi Mark Ryutte joriy yilning 21 yanvar kuni Shveysariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumida nutq so‘zlab, faqat 2025 yil dekabr oyida Ukrainaga qarshi urushda 30 mingdan ortiq rossiyalik askar halok bo‘lganini aytgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi uzoq vaqtdan beri o‘z qurbonlari haqida rasmiy hisobotlarni e’lon qilmagan. Biroq yanvar oyining o‘rtalariga kelib, BBC rus xizmati jurnalistlari urushda halok bo‘lgan 163 mingdan ortiq rus askarlari ro‘yxatini tuzishga muvaffaq bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Ukrainadagi urushni yakunlash uchun eng muhim shartni aytgani haqida xabar berilgandi. Kreml vakiliga ko‘ra, Rossiyaning pozitsiyasi ma’lum, Ukraina Qurolli kuchlari Donbass hududini tark etishi kerak. Bu mojaroni tartibga solishning muhim shartlaridan biridir.
Live
Barchasi