Rossiya G‘arbga qarshi gibrid urush olib bormoqda – razvedka
Olam
−
03 Oktabr 6141 2 daqiqa
Rossiya Daniya va boshqa G‘arb mamlakatlariga qarshi gibrid urush olib boryapti – bu orqali u NATO ichida ishonchsizlik va ixtilof urug‘ini sochish, hamda Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordamni susaytirishni maqsad qilgan. Bu haqda 3 oktyabr kuni Kopengagenda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Daniya harbiy razvedka xizmati (Forsvarets Efterretningstjeneste) direktori Tomas Arenkil ma’lum qildi.
Arenkilning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Daniya hududidagi aeroportlar va muhim strategik ob’ektlar ustida dronlar uchishi kuzatilgan. Shu sababli ba’zi vaqtlarda fuqarolik dronlariga osmonni vaqtincha yopishga va hatto Kopengagen hamda shimoldagi Olborg aeroportlarida parvozlarni to‘xtatishga to‘g‘ri kelgan.
Hozircha dronlarni kim uchirgani aniqlanmagan, ammo daniyalik rasmiylar buning ortida Rossiya turganidan shubhalanmoqda.
“Rossiya bizni urush xavfi yaqin degan fikrga ishontirmoqchi. Ular biz doimiy ravishda qo‘rquv ichida yashashimizni istaydi”, dedi Arenkil.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya harbiy kemalari bir necha marta Daniya kemalari bilan to‘qnashuv kursini ham olgan.
NATOga qarshi siyosiy bosim
Daniya harbiy razvedka xizmati ma’lumotida qayd etilishicha, Rossiyaning asosiy maqsadi – NATOning siyosiy birdamligini zaiflashtirish va qaror qabul qilish salohiyatini izdan chiqarish.
Shuningdek, Rossiya “soya floti” orqali neftini Boltiq dengizi orqali tashishni muhofaza qilish uchun qiruvchi samolyotlardan foydalanmoqda; NATO hududlariga (Polsha, Estoniya, Finlyandiya, Ruminiya) havo hududini buzib kirmoqda; Daniya qurolli kuchlariga qarshi diversiyalar va NATOga qarshi harbiy provokatsiyalar uyushtirish ehtimoli yuqori.
Razvedka ma’lumotiga ko‘ra, IT infratuzilmasiga yo‘naltirilgan yirik kiberhujumlar xavfi o‘rta darajada, ammo Daniyaga nisbatan bevosita harbiy hujum xavfi mavjud emas.
Putinning javobi: “Boshqa dron yubormayman”
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 2 oktyabr kuni “Valday” xalqaro munozara klubi majlisida dronlar haqidagi ayblovlarga hazil bilan javob berdi:
“Biz Fransiyaga ham, Daniyaga ham, Kopengagenga ham endi dron yubormaymiz”, dedi u.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada “Lissabongacha uchadigan dronlar” yo‘q va Yevropa shaharlarida ular uchun nishon ham mavjud emas. U G‘arbning ayblovlarini “vaziyatni keskinlashtirish va mudofaa xarajatlarini oshirish usuli” deb atadi.
Live
Barchasi