Rossiya o‘rta osiyolik migrantlarning huquqlariga tupurdimi?

Tahlil

O‘tgan hafta, 10 aprel kuni Moskva shahridagi “Bodrost” nomli hammomda sodir bo‘lgan xunuk hodisa atrofidagi voqealar hali ham tinchigani yo‘q. Rossiya kuchishlatar tuzilmasi tomonidan o‘rta osiyolik, xususan, qirg‘iz migrantlarga nisbatan qilingan shafqatsiz munosabat bo‘yicha Moskva va Bishkek bugungacha o‘ziga xos tarzda “savol-javob” o‘tkazib kelyapti. Bu holat ortda qolgan oylar davomida Aqtauda qulagan Embraer 190 samolyoti ortidan Baku va Moskva o‘rtasida yuz bergan keskinlashuv kabi bo‘lmasa-da, qaysidir ma’noda jiddiy deyish mumkin. Ikki davlatning tashqi idoralari bir haftadan buyon shu masalani atroflicha hal qilib olish maqsadida. Bu so‘roq-javoblar ketma-ketligi esa oldin xabar berilganidek, Moskvadagi “Bodrost” nomli hammomda OMONning migrantlarga qarshi o‘ta qo‘pol tarzda reyd o‘tkazgani ortidan boshlangandi. U yerda dam olayotgan o‘rta osiyolik migrantlar Rossiya kuchishlatar tuzilmasi tomonidan tahqirlanib, yarim-yalang‘och holatda bir-birining ustiga buyum kabi taxlanib tashlangandi. Yuz tuban yotqizilgan va emaklatib yurishga majbur qilingan migrantlarning badanida hatto jiddiy jarohatlar ham borligi holat aks etgan tasvirlarda yaqqol ko‘ringan. Reyd haqida birinchilardan bo‘lib xabar bergan “Readovka” u yerda taxminan 40 nafar migrant hibsga olingani haqida yozgandi. Unga ko‘ra, bir nechta migrantlarga nisbatan Rossiya Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining “mamlakatga kirish va unda bo‘lish qoidalarini buzish” moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Migrantlarning norasmiy rahbari esa tekshiruv ostida bo‘lib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining “noqonuniy migratsiyani tashkil etish” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilishi mumkinligi aytildi. Ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan xabarlarga ko‘ra, mazkur hammomga asosan O‘zbekiston va Qirg‘izistondan kelgan migrantlar tashrif buyurgan. Mazkur jarayonni tasvirga olgan video mualliflari lavhani tarmoqqa “bu yerga ko‘plab qirg‘izlar keladi”, degan izoh bilan joylashtirishgan. Ijtimoiy tarmoqlarda yozilishicha, bunday reyd o‘tkazilishiga go‘yoki ko‘plab migrantlarning noqonuniy ravishda hammomni egallab olib, boshqa tashrif buyuruvchilarga foydalanishga to‘sqinlik qilgani haqidagi xabarlar sabab bo‘lgan. Mahalliy aholi vakillari migrantlar rus millatiga mansub kishilarga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lganidan shikoyat qilgan. Shundan so‘ng vaziyatga huquq-tartibot idoralari aralashgan va doimgidek migrantlarga hayvonlardek munosabatda bo‘lgan. Bu shunchaki to‘qib chiqarilgan o‘xshatish emas, mazkur tarifning haqiqatga qanchalik yaqin ekanini reyd jarayoni aks etgan videolavhalardan anglab olish qiyin emas.

Izoh talab qilgan Qirg‘iziston

Rossiya huquq-tartibot idoralarining bu xatti-harakatiga rasmiy Bishkekdan roppa-rosa 4 kun deganda munosabat berildi. Shunchaki munosabat berilmadi, 14 aprel kuni Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Almaz Imangaziyev Moskvadagi hammomda fuqarolar tahqirlangani yuzasidan Rossiya Federatsiyasining mamlakatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Sergey Vakunov bilan uchrashuv o‘tkazib, o‘z talab va noroziliklarini bildirdi. Qirg‘iziston TIV mas’uli Rossiya tomonidan voqea bo‘yicha o‘rganish olib borib, kuch ishlatish asossiz bo‘lgan taqdirda, ushbu hodisa bo‘yicha Moskva shahri huquqni muhofaza qilish organlari vakillariga nisbatan tegishli choralar ko‘rishni so‘radi va bu boradagi rasmiy notani topshirdi Shuningdek, uchrashuvda Qirg‘iziston fuqarolarining huquqlarini himoya qilish va bundan buyon Qirg‘iziston-Rossiya ittifoqchilik va strategik sheriklik munosabatlariga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan bunday vaziyatga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rish talab qilindi.

Yuqorida ta’kidlanganidek, ijtimoiy tarmoqlarga sizdirilgan xabarlarga ko‘ra, bu hammomga ko‘proq o‘zbek va qirg‘iz migrantlar kelishi haqida yozilgan. Bu esa kaltaklangan va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor bo‘lishi mumkinligini anglatadi. Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligining voqeaga tezkor munosabat berishi ortidan O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi ham harakatga keldi. Tashqi ishlar vaziri B.Saidovga “Xorijiy mamlakatlarda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” Qonunchilik palatasining parlament so‘rovi yuborildi. Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov esa parlament so‘roviga tezkor munosabat bildirib, vazirlik xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarini, ular qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, doimo himoya qilib kelgani va bu faoliyat ular uchun ustuvor bo‘lib qolishini ta’kidladi. “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov esa o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida Rossiyaga ittifoqchilik nima ekanini eslatib qo‘ydi.

“O‘zbekistonda rossiyalik fuqarolar kamsitilgani, xo‘rlangani yoki kaltaklanganini eshitganmisiz? YO‘Q! Bizning fuqarolarimizga ham Rossiyada shunday munosabat bo‘lishi shart! Ittifoqchilik shundan boshlanadi”, deb yozgan deputat.

Rossiyaning o‘zini oqlashi

10 aprel kuni Rossiyaning Moskva shahridagi “Bodrost” nomli hammomda Rossiya maxsus maqsadli mobil bloki (OMON) migrantlarga qarshi shafqatsiz tarzda reyd o‘tkazgani yuzasidan naqd 7 kun o‘tibgina Rossiya Tashqi ishlar vazirligi o‘zining ilk munosabatini bildirdi. Unda qayd etilishicha, hammom majmuasini rejali tekshirish hech bir mamlakat fuqarolariga qaratilmagan. Vazirlikka ko‘ra, poytaxt Moskvaning Timiryazevskiy tumanidagi jamoat binolarini, shu jumladan qirg‘izistonliklar dam olayotgan hammom majmuasini rejali tekshirish tadbiri davomida xorijliklarning deyarli yarmi Rossiyada noqonuniy bo‘lgani aniqlangan. Bayonotda so‘roq qilish uchun huquq-tartibot idoralariga olib borilgan 59 nafar chet el fuqarosidan 25 nafari mamlakatda immigratsiya qonunchiligini buzgani aytilgan. Shu sababli ular qonun doirasida javobgarlikka tortilishi ma’lum qilingan. Hatto ularning ayrimlari radikal guruhlarga mansublikda gumon qilinayotgani ham qayd etilgan.

“Rossiya tomoni afsus bilan qayd etib o‘tilgan xorijliklar tomonidan Rossiya Federatsiyasi qonunlariga e’tiborsizlik, jamiyatimiz va davlatimizga qarshilik ko‘rsatish istagi borligini ta’kidlaydi”, degan diplomatik idora vakili.

TIV, shuningdek, hibsga olish jarayoni aks etgan videolarga izoh berar ekan, operatsiya davomida chet el fuqarolari huquq-tartibot idoralarining xodimlariga qarshilik ko‘rsatgani, shu sababli ushbu xorijliklarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilganini bildirgan. Bu bilan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi kuchishlatar tuzilmalarning migrantlarga nisbatan qilgan zo‘ravonligini oqlagan. Bugun, 18 aprel kuni esa Rossiyaning Qirg‘izistondagi elchisi Sergey Vakunov TASS bilan suhbatda respublika aholisining Moskvadagi hammomda qo‘lga olinishi bilan bog‘liq vaziyatni keskinlashtirmaslikka chaqirdi. U mazkur voqelik ortidan bildirilayotgan gap-so‘zlar va rasmiy doiralarning harakatlarini shunchaki emotsional reaksiya deb atadi.

“Albatta, bu vaziyat Qirg‘iziston bilan munosabatlarimizni aks ettirmaydi. Men pozitsiyani e’lon qilmoqchiman – keling, vaziyatni keskinlashtirmaylik. Vaziyatning yakuniy va har tomonlama ko‘rib chiqilishini kutamiz. Shundan keyingina qandaydir xulosalar chiqarish mumkin bo‘ladi. Rostini aytsam, men bularning barchasini odamlarning emotsional reaksiyasi deb bilaman”, degan u.

Yuqorida o‘sha hammomda O‘zbekistonlik migrantlar ham bo‘lishini istisno qilmaydigan ba’zi taxminlar haqida so‘z bordi. Shu sababli, QALAMPIR.UZ vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov bilan bog‘landi. Vazirlik so‘zamoli tahririyatning “Bodrost” hammomida o‘tkazilgan o‘sha reydda o‘zbek migrantlari bor yoki yo‘qligi haqidagi savoliga javoban bu borada o‘rganishlar davom ettirilayotgani va tez orada rasmiy ma’lumotlar berilishini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Qirg'iziston migrantlar OMON hammom

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing