Rossiya va Ukraina “185 ga 185” formatda asir almashdi (video)

Olam

image

Bugun, 5 iyun kuni Rossiya va Ukraina “185 ga 185” formulasi bo‘yicha asirlarni almashdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi, shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham ushbu ma’lumotni tasdiqladi.

Asirlarni almashish jarayonida Birlashgan Arab Amirliklari vositachilik qilgan.

“The Insider”ning yozishicha, bugun almashtirilgan rossiyaliklarning yarmidan ko‘pi – 51 foizi avval sudlangan shaxslar bo‘lib, ular shartnomalarni ozodlikdan mahrum qilish joylarida bo‘lganida yoki jinoiy javobgarlik xavfi ostida turganida imzolagan.

Bugungi asirlar almashinuviga tushgan va sudlanganligi bo‘lgan rossiyaliklarning 47 foizi mulk bilan bog‘liq jinoyatlar, 23 foizi zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar, 18 foizi esa giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar uchun jazo o‘tayotgan bo‘lgan.

Avvalgi harbiy asirlar almashinuvida bo‘lgani kabi, bu safar ham faqat uch kishi asirlikda ikki yildan ortiq vaqt o‘tkazgan. Ko‘pchilik – 83 foizi bundan uzog‘i bilan bir yil oldin asirga tushgan.

“Bu Rossiya rasmiylarining navbatdagi tipik yondashuvidir: asirlikda nisbatan kamroq vaqt o‘tkazganlarni qaytarish va Ukrainadagi harbiy asirlar lagerlarida uzoq vaqtdan beri qolayotganlarga e’tibor bermaslik”, deyiladi xabarda.

Vladimir Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida asirga tushgan harbiy xizmatchilardan tashqari, Ukrainaga yana bir nafar garovga olingan tinch aholi vakili ham qaytganini aniqlashtirgan.

Ma’lumot uchun, bundan oldingi harbiy asirlar almashinuvi shu yilning 15 may kuni bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda tomonlar “205 ga 205” formulasi bo‘yicha asir almashgan.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida ham Rossiya va Ukraina halok bo‘lgan harbiylarning jasadlarini almashish bo‘yicha navbatdagi bosqichni o‘tkazgandi. O‘shanda Ukraina tomoniga 1000 nafar, Rossiya tomoniga esa 41 nafar halok bo‘lgan harbiylarning jasadlari topshirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina asir

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing