AQSH Vakillar palatasi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni ma’qulladi

Olam

image

AQSH Vakillar palatasi kecha, 4 iyun kuni Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish va Ukrainaga harbiy hamda moliyaviy yordam ko‘rsatishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda Kongressning rasmiy saytida xabar berildi.

AQSH Vakillar palatasi Rossiyaga qarshi yangi kengaytirilgan sanksiyalar, Ukraina va NATOdagi ittifoqchilarga yordam berishga qaratilgan qonun loyihasini qabul qildi. Ushbu qaror 226 nafar qonunchining qo‘llab-quvvatlashi, 195 nafarining qarshi ovoz berishi bilan ma’qullandi. Qo‘llab-quvvatlaganlar orasida 18 respublikachi, 207 demokrat va bitta mustaqil deputat bor.

Qonun loyihasi Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va mudofaa salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Xususan, hujjatda Ukrainani tiklash uchun maxsus moliyaviy fond tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Ukraina va NATOdagi hamkor davlatlarga mudofaa ehtiyojlari uchun 8 milliard dollargacha mablag‘ kredit shaklida ajratilishi belgilangan.

Bundan tashqari, hujjat AQSH Prezidentining Ukraina hamda Sharqiy Yevropa davlatlariga harbiy texnika va qurollarni kredit yoki ijara asosida yetkazib berish bo‘yicha vakolatlarini qayta tiklaydi. Pentagonning esa Ukrainaga xavfsizlik va razvedka sohasida yordam ko‘rsatish vakolati 2027 yil oxirigacha uzaytirilishi nazarda tutilgan.

Sanksiyalar qismi esa yanada keskin choralarni o‘z ichiga oladi. Qonun loyihasi AQSH Prezidentiga Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi vaziyatni baholash hamda zarur deb topilganda qo‘shimcha cheklovlar joriy etish vakolatini beradi. Ushbu choralar orasida Rossiyadan import qilinadigan tovarlar va xizmatlarga kamida 500 foizgacha bojxona tariflarini qo‘llash imkoniyati ham mavjud.

Mazkur tashabbus Senat tomonidan ham ma’qullansa, u to‘liq kuchga kiradi va AQSHning Rossiyaga nisbatan sanksiya siyosati yanada keskinlashishi mumkin bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ham AQSH Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini tayyorlayotgani haqida aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya sanktsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing