Rossiya va Ukraina Zaporoje AES hududida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishdi

Olam

image

Rossiya va Ukraina Xalqaro atom energetikasi agentligi (MAGATE) vositachiligida Zaporoje atom elektr stansiyasi hududida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda MAGATE saytida e’lon qilingan bayonotda so‘z boradi.

Agentlik rahbari Rafael Grossining ma’lum qilishicha, bu joriy yil 2 yanvar kuni harbiy harakatlar oqibatida shikastlangan so‘nggi zaxira elektr uzatish liniyasini ta’mirlash ishlarini boshlash imkonini beradi.

Shuningdek, Grossi ukrainalik elektr tarmoqlari operatorining texnik mutaxassislari yaqin kunlarda ishlarni boshlashini bildirgan. Front chizig‘i yaqinida olib boriladigan ta’mirlash jarayonini agentlik vakillari kuzatib boradi, ular allaqachon Vena shahridan yo‘lga chiqqan. Grossining eslatishicha, mazkur kelishuv Zaporoje AES hududida erishilgan to‘rtinchi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi bo‘lib, MAGATEning vositachi sifatidagi rolini namoyon etadi.

Shu bilan birga, Ukrainadagi energetika infratuzilmasiga hujumlar davom etayotgan bir paytda, MAGATE yangi ekspertlik missiyasini tayyorlamoqda. Uning maqsadi yadro xavfsizligi uchun muhim bo‘lgan va reaktorlarni sovitish tizimlarini elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan o‘nta muhim elektr podstansiyasini inspeksiya qilishdan iborat bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, Energodar shahrida joylashgan Zaporoje atom elektr stansiyasi urush boshlanishidan avval Ukrainaning umumiy elektr energiyasi ishlab chiqarishining qariyb 20 foizini ta’minlab, Yevropadagi eng yirik AES hisoblangan. U 2022 yil mart oyida Rossiya qo‘shinlari tomonidan egallab olingan, o‘sha yilning sentyabrida esa uning barcha olti energobloki “sovuq to‘xtash” holatiga o‘tkazilgan. To‘xtatilganiga qaramay, reaktorlar doimiy sovitishni talab qiladi, bu esa tashqi elektr tarmog‘i yoki zaxira dizel generatorlari orqali ta’minlanadi. Rossiya tomonidan boshlangan urush davomida stansiya bir necha bor o‘qqa tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Energetika vaziri Denis Shmigal Oliy Rada majlisidagi chiqishida urush boshlanganidan beri Rossiya armiyasi zarbasiga uchramagan birorta ham elektrostansiya qolmaganini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina AES Zaporoj'e kelishuv

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing