Rossiyada koronavirusning yangi shtammi tarqaldi
Olam
−
24 avgust 7470 2 daqiqa
Rossiya iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson salomatligini nazorat qilish federal xizmati (Rospotrebnadzor) rahbari Anna Popova mamlakatda SARS-CoV-2’ning yangi XFG shtammi, ya’ni Stratus tarqalayotganini aytdi. Bu haqda u TASS agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Popovaning so‘zlariga ko‘ra, yangi shtamm yuqori darajada yuqumli, biroq kasallik odatda yengil shaklda kechmoqda.
“Har kuni yangi holatlar ortib boryapti. Avval 300 ta, keyin 384 ta holat qayd etildi. Bu ko‘rsatkich bundan ham ko‘p bo‘ladi”, degan Popova.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, koronavirusning har bir yangi genovarianti omon qolish va rivojlanish uchun o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘ladi. Shu bois infeksiya oqibatlari turlicha bo‘lishi mumkin, profilaktika choralariga amal qilish va sog‘liqqa e’tiborli bo‘lish zarurligi eslatib o‘tilgan.
Rospotrebnadzor ma’lumotiga ko‘ra, iyul oxiriga kelib Rossiyada Stratus shtammi bilan 114 ta zararlanish holati qayd etilgan. Ulardan 54 foizi Moskvaga to‘g‘ri keladi, qolganlari esa Moskva viloyati, Magadan, Sverdlovsk va Leningrad viloyatlarida aniqlangan.
Rossiyada Stratus bilan ilk kasallanish 24 aprelda qayd etilgan, dunyoda esa birinchi holat 2025 yil 27 yanvarda Kanadada aniqlangan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, shtamm tez tarqaladi, ammo yengil ko‘rinishda bo‘lib, asosan asoratsiz o‘tadi. Kasallikning o‘ziga xos belgilari orasida ovozning bo‘g‘ilib qolishi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniyada bo‘g‘iq ovoz ko‘rinishidagi alomatga ega bo‘lgan Stratus koronavirusining yangi shtami tarqalgandi.
Live
Barchasi