Rossiyada kuchli yomg‘ir ko‘chalarni “ko‘l”ga aylantirdi (video)
Olam
−
15 iyul 14657 2 daqiqa
Kecha, 14 iyul va bugun, 15 iyul kuni Rossiya poytaxti Moskva shahrida kuchli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq sodir bo‘ldi. Oqibatda shahar ko‘chalarini suv bosdi, hatto yerosti avtoturargohlari ham suvga to‘lgan. Bu haqda RBK xabar berdi.
Shahar Transport boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, ob-havo sharoiti sababli yerusti transportida mahalliy kechikishlar va ayrim yo‘nalishlarda o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Davlat Dumasi binosida kuchli yomg‘ir tufayli tamaki chekadigan joyni suv bosgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi shamol tezligi 20-23 metr/soniyagacha yetishidan ogohlantirmoqda.
“Fobos” ob-havo markazining yetakchi mutaxassisi Yevgeniy Tishkovets bugun, 15 iyul kuni havo harorati 24-27 darajagacha tushishini ma’lum qilgan. Meteorologning aytishicha, eng ko‘p yog‘ingarchilik Rossiyaning markaziy hududlari va shimoli-g‘arbiy qismida kuzatiladi. Don daryosining quyi oqimi, Donbass, Zaporoje, Kareliya va Kol yarimorolida esa yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Shuningdek, sinoptik Moskvadagi kuchli yomg‘ir va momaqaldiroqlar intensivligi har kvadrat metrga 20 litr yomg‘ir suvi to‘g‘ri kelishini ta’kidlagan.
Moskvada va Moskva viloyatida kuchli yomg‘ir yog‘ishi kecha, 14 iyul kuni boshlangan. Yomg‘ir sababli shahar ko‘chalarida transport harakati izdan chiqqan. Masalan, Jivopisnaya ko‘chasida elektr tarmog‘i tizimiga daraxt shikast yetkazishi tufayli 28 va 31-sonli tramvaylar harakati kechikkan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Texas shtatidagi Gvadelupa daryosining toshishi oqibatida yuz bergan kuchli toshqinlarda hozirgacha kamida 129 kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi