Xitoy Rossiyadan rekord darajada oltin sotib oldi
Olam
−
22 dekabr 4869 2 daqiqa
Noyabr oyida Xitoy Rossiyadan ikki tomonlama savdo doirasida rekord darajada – 961 million dollarlik oltin xarid qildi. Bu ketma-ket ikkinchi oy kuzatilgan yirik yetkazib berish bo‘lib, oktyabr oyida oltin importi 930 million dollarni tashkil etgan. Bu haqda RIA Novosti xabar qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning 11 oyi davomida Xitoy Rossiyadan 1,9 milliard dollarlik oltin import qilgan. Yanvar–sentyabr oylarida esa yetkazib berish hajmi atigi 9 million dollar bo‘lgan.
Taqqoslash uchun, 2024 yilning oktyabr–noyabr oylarida Rossiya Xitoyga umuman oltin eksport qilmagan. O‘sha yildagi eng yuqori ko‘rsatkich 223 million dollar bilan cheklangan.
Shu bilan birga, “Bloomberg” iyul oyida e’lon qilgan tahliliy materialda Rossiyaning Xitoyga qimmatbaho metallar eksporti 2025 yilning birinchi yarmida deyarli ikki baravar oshib, 1 milliard dollarga yetgani qayd etilgan, biroq ushbu miqdorning qanchasi aynan oltinga to‘g‘ri kelishi aniqlashtirilmagan.
Mazkur ko‘rsatkichlar turli nashrlar tomonidan turlicha talqin qilinmoqda. Xususan, noyabr o‘rtalarida “Financial Times” gazetasi tahlilchilari Xitoy Xalq banki e’lon qilayotgan rasmiy oltin xaridlari hajmiga shubha bilan qaralayotganini yozdi.
Fransiyaning moliyaviy guruhi ekspertlari esa Xitoy 2025 yilda jami 250 tonnagacha oltin sotib olgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
Mazkur raqam Xitoy tomonidan rasman e’lon qilingan va Butunjahon oltin kengashi ma’lumotlarida keltirilgan ko‘rsatkichlardan qariyb 10 baravar yuqori. Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, Xitoy 2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida 23,95 tonna oltin xarid qilgan.
Tahlilchilar buni Pekinning zaxiralarni dollarda saqlashdan bosqichma-bosqich voz kechish siyosati bilan izohlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning oltini rasmiy raqamlardagidan ancha ko‘pligi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi