Rossiyada O‘zbekiston asalarisi ortilgan yuk mashinasi g‘oyib bo‘ldi
Jamiyat
−
11 may 6120 2 daqiqa
Rossiyada bir oydan beri majburiy karantindan o‘tmagan, O‘zbekistondan olib borilgan 1728 ta ari ortilgan yuk mashinasi qidirilmoqda. Bu haqda “Life” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, fura joriy yil aprel oyi boshida Astraxan viloyatidagi chegara punktidan o‘tgan. Shundan so‘ng, mashina Kurgan viloyatidagi qishloqlardan biriga karantinga yo‘l olishi kerak bo‘lgan, biroq belgilangan manzilga yetib bormagan. Xabarda aytilishicha, olib kirilgan arilar uchun karantin majburiy, chunki janubiy mintaqalardan Rossiyaga borgan hasharotlar xavfli infeksiyalar va parazitlarni tashuvchisi bo‘lishi mumkin.
Mahalliy aholining ma’lum qilishicha, Kurgan viloyatidagi karantin hududi arilarni sanitariya muolajalari uchun qabul qilishga tayyor bo‘lmagan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, u yerda ari uyalari va zarur uskunalar mavjud emas. Shundan so‘ng, jamoatchilik faollari Rosselxoznadzorga murojaat qilgan. Shuningdek, asalarichilar prokuratura va IIVga ariza yo‘llagan. Hozirda yuk mashinasi va haydovchi butun mamlakat bo‘ylab qidirilmoqda.
Nashrning yozishicha, Markaziy Osiyodan borgan arilar kasallik va parazitlarning yashirin tashuvchisi bo‘lishi mumkin. Nazoratsiz olib kirish mahalliy asalari oilalarining ommaviy qirilib ketishiga va asal ishlab chiqarishga xavf tug‘dirishi mumkin.
Bundan tashqari, o‘zbek arilari o‘ta tajovuzkorligi bilan ajralib turadi, ularning chaqishi esa kuchli shish va hatto anafilaktik shokka sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, noqonuniy asalarizorlardan olingan asalni iste’mol qilish salmonellyoz va boshqa kasalliklarni yuqtirish xavfi bilan bog‘liqligi aytilmoqda.
Live
Barchasi