Rossiyadagi harbiy gospitalda feldsherlik qilgan o‘zbekistonlikka sud hukmi o‘qildi

3-sahifa

image

Rossiya Qurolli kuchlari harbiy gospitalida 2 yil feldsherlik qilgan samarqandlik erkakning ozodligi 4 yilga cheklandi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Unga ko‘ra, mazkur ish 2025 yilning 24 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Unda sudlanuvchi S.B. aybiga iqror bo‘lgan. Erkakning aytishicha, u 2023 yil 1 may kuni ishlash maqsadida Rossiya Federatsiyasining Petropovlovskaya-Kamchatka shahriga borgan. Dastlab, xususiy klinikada feldsher sifatida ishga kirgan. Biroq ishi yaxshi bo‘lmagani sababli boshqa ish qidirgan. Shundan so‘ng, tanishlaridan Rossiya harbiy kuchlariga feldsherlarga qabul bo‘layotganini, boshqa davlat fuqarolari ham qabul qilinayotganini va oylik maoshi 210 ming rubl miqdorida ekanini eshitgan.

U Rossiya Qurolli kuchlariga ariza bilan murojaat qilgan. Keyinroq, S.B. ga faks orqali uning arizasi qanoatlantirilgani va Belgrad shahriga borishi kerakligi haqida xabar kelgan. Shundan so‘ng u Belgrad shahriga borib joylashgan va 3 kun dam olgan. Shu davr mobaynida harbiy gospital bosh vrachi bir marotaba suhbat qilgan. Suhbat davomida S.B. dan qayerdanligi, kimligi, qayerda o‘qigani va diplom mutaxasisligi, ish staji haqida so‘ralgan. Suhbatdan 2 kun o‘tib erkak ishga qabul qilingan va 11740-sonli harbiy qismda ikki yil davomida feldsherlik qilgan. Xizmati davomida – 2025 yil yanvar oyida unga Rossiya Federatsiyasi fuqaroligi, xizmat o‘tayotgani haqida harbiy guvohnoma va harbiy jeton berilgan.

2025 yil iyul oyida O‘zbekistonda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bilib, harbiy xizmat davomida – 2025 yil 8 oktyabr kuni ta’tilga chiqqan. Shundan so‘ng, qilgan qilmishi jinoyat ekanini anglab, jazo olishi uchun ta’til vaqtida O‘zbekistonga qaytib kelgan. Qaytishidan oldin esa Rossiya tomonidan berilgan hujjatlarini yoqib yuborgan.

Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 154-1-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topilgan va unga shu modda bilan 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya tomonidan Ukrainadagi urushda qatnashgan andijonlik erkakka 2 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

harbiy gospital' fel'dsherlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar