Rossiyada migrantlar virusli gepatitga qarshi tekshiruvdan o‘tkaziladi

Olam

image

2026 yil 1 martdan boshlab Rossiyaga borgan migrantlar o‘tkir gepatit va virusli gepatit B, C  va D uchun tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bu haqda “Vedomosti” xabar berdi.

Ushbu o‘zgartirishlar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan xorijliklar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va qochqin maqomi yoki vaqtinchalik boshpana so‘ragan shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni nazarda tutadi. Keyinchalik, tekshiriladigan xavfli infeksiyalar ro‘yxati kengaytiriladi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari federal portaliga joylashtirilgan o‘zgartirishlar loyihasiga ko‘ra, bu tartib “tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishning tashkiliy asoslari va tartiblarini takomillashtirish” maqsadida kiritilmoqda.

Migrantlar uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish, boshqa narsalar qatorida, Rossiyada ishlash, vaqtinchalik va doimiy yashash uchun ruxsatnoma olishda talab qilinadi. Mamlakatga ishlash uchun borgan chet elliklar kirishdan keyin 30 kalendar kun ichida undan o‘tishi kerak. Rossiyaga ishlash bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlarda borganlar kirishdan keyin 90 kun ichida buni qilishi kerak. Bu “Rossiyada chet elliklarning huquqiy maqomi to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan.

Ayni paytda xorijliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar dori vositalari va atrofdagilar uchun xavfli bo‘lgan kasalliklarga tekshirilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligining “Xorijiy fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan, OIV (shu jumladan, asemptomatik infeksiya), sil, sifilis, moxov kabilar shular jumlasidandir.

Fevral oyida migratsiya siyosati bo‘yicha fraksiyalararo ishchi guruhi xorijliklarni gepatit C’ga testdan o‘tkazishni taklif qildi. Davlat dumasi spikeri o‘rinbosari Irina Yarovaya ushbu kasallik hozirda keng tarqalgani va Rossiyaga kirib kelish ehtimoli jihatidan katta xavf tug‘dirishini aytgandi.

Milliy tadqiqot universiteti Iqtisodiyot oliy maktabi sog‘liqni saqlash iqtisodiyoti instituti direktori Larisa Popovichning aytishicha, Rossiyada ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklarning keskin o‘sishi ko‘pincha chetdan kelayotgan migrantlar bilan bog‘liq. Jinsiy yo‘l bilan yuqadigan infeksiyalar bo‘yicha mutaxassislar gildiyasi prezidenti, dermatovenerolog Mixail Gomberg mehnat migratsiyasi bo‘yicha ko‘p funksiyali tibbiyot markazi filialida markazlashtirilgan holda ishga joylashish skriningi o‘tkazila boshlanganidan keyin mehnat migrantlarining kasalliklari monitoringi yaxshilangan.

Bundan tashqari, joriy yilning yanvar oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibini buzgan shifokorlar va tibbiyot muassasalariga nisbatan ma’muriy jarima solishni taklif qilgan edi. Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi modda qo‘shiladi. Chet el fuqarosini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibini buzganlik uchun jismoniy shaxs (shifokor) 25 ming rubldan 50 ming rublgacha, mansabdor shaxs (poliklinika rahbariyati) 50 ming rubldan 100 ming rublgacha va yuridik shaxs (poliklinikaning o‘zi) 250 ming rubldan 800 ming rublgacha miqdorda jarimaga tortilishi mumkin. Shuningdek, uning faoliyati 14 kundan 90 kungacha to‘xtatiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mehnat muhojirlari uchun amal qilayotgan patent tizimini bekor qilish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

migrantlar virusli gepatit

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing