Rossiyaga bormang – 4. Omon yana o‘zbeklarni zanjirsimon “sudradi”

Tahlil

Istaganicha huquqiy chegaradan chiqadigan, migrantlar siyosatida qandaydir kart-blanshga ega bo‘lgan va muhojirlarni astoydil qaqshatishga harakat qiladigan Rossiya kuchishlatar tuzilmalari bu safar ham o‘zbeklarni nishonga oldi. Joriy yilning 22 sentyabr kuni Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasi, Yemelyanovskiy tumanida huquq-tartibot idoralari xodimlari “Korona” banket zalida uyushtirilayotgan konsertga bostirib kirdi. Ichki ishlar vazirligining viloyat bosh boshqarmasi, Federal xavfsizlik xizmati va Rossiya Milliy gvardiyasining maxsus bo‘linmalari o‘zbekistonlik xonanda Jaloliddin Ahmadaliyev konsert berayotgan ko‘ngilochar maskanda reyd o‘tkazib, 620 nafar mehmonni, jumladan, 210 nafar xorijlikni tintuv qilgan. Bu tintuv Rossiyaga xorijdan borgan chet el fuqarolari va giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan shaxslarni aniqlash maqsadida o‘tkazilgan. Qaysi sog‘lom aqlga to‘g‘ri keladi bu izoh. Ko‘ngilochar maskanda giyohvand moddalarga reyd? Bu nimasi? Boz ustiga tekshiruvlar natijasida ularda taqiqlangan biror buyum yoki moddalar topilmagan ham. Shunday bo‘lsa-da, 26 nafar xorijlik politsiya bo‘limiga olib ketilgan. Ulardan sakkiz nafari Rossiyada noqonuniy bo‘lgani aniqlangan. 

Reyddan so‘ng politsiya xodimlari tomonidan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan Rossiyaga kirish yoki u yerda bo‘lish, shuningdek, immigratsiya qoidalarini buzganlik uchun jami 19 ta ma’muriy bayonnoma tuzilgan. Bundan tashqari, Rossiya Jinoyat kodeksining 322.3-moddasi (chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni noqonuniy ro‘yxatga olish) bo‘yicha uchta ish to‘plangan. Mazkur holatlar yuzasidan tergov harakatlari davom etayotgani aytildi. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi esa ushbu holatga tezkor reaksiya ko‘rsatdi. Agentlik tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida litsenziyaga ega advokat voqea joyiga yuborildi. Mazkur holat Rossiya Federatsiyasining amaldagi qonunchiligi doirasida o‘rganilayotgani ma’lum qilindi. 

Rossiyadan holatga huquqiy baho berish talab qilindi 

Rossiya Federatsiyasi migratsiya qonunchiligini buzish holatlarini aniqlash va narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi reyd o‘tkazilgani yuzasidan O‘zbekistonning Novosibirskdagi konsulligi ham munosabat bildirib, holat bo‘yicha rasmiy ma’lumotlarni ochiqladi. Unga ko‘ra, tekshiruv davomida O‘zbekiston Respublikasining 8 nafar fuqarosi RFda bo‘lish qoidalarini buzganligi aniqlangan. Ulardan 4 nafarga nisbatan ma’muriy jarima va mamlakatdan chiqarib yuborish choralari qo‘llangan, qolgan 4 nafari esa Krasnoyarsk o‘lkasidagi chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan. 

Novosibirsk shahridagi O‘zbekiston Respublikasining Bosh konsulxonasi tezkor tarzda ushbu fuqarolarga zaruriy huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralar ko‘rayotgani ta’kidlandi. Konsullikning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etgan ushbu konsert Krasnoyarsk o‘lkasining tegishli tashkilot va idoralari bilan belgilangan tartibda kelishilmagan bo‘lib, aynan shu holat ham mazkur tekshiruvga asos bo‘lgan omillardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Shuningdek, Bosh konsulxona ilgari Novosibirsk shahrida o‘tkazilgan xuddi shunday konsert shahar rasmiy hokimiyati bilan oldindan kelishilgan, to‘la zalda o‘tgan va tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olingan. 

E’tiborlisi, Krasnoyarskdagi konsert Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan shaxsiy tartibda tashkil etilgan hamda bunday tadbirlar uchun maxsus jihozlanmagan binonda o‘tkazilgan. Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, Bosh konsulxona fikricha, Krasnoyarsk o‘lkasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilayotgan bunday reydlar huquqiy asosga ega bo‘lishi va madaniy hordiq chiqarishga to‘sqinlik qilmasligi lozim. Shu o‘rinda, Novosibirsk shahridagi O‘zbekiston Respublikasining Bosh konsulxonasi Rossiya kuch tuzilmalari harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida barcha zarur hujjatlarni Krasnoyarsk o‘lkasining huquqni muhofaza qiluvchi organlariga taqdim etgan. 

Ha, o‘ta xunuk va achinarli holat. Ammo eng yomoni shundaki, bunday jarayonlar surunkali tarzda davom etmoqda. Avval ommaviy hammomda, keyin umumiy yotoqxonada, endi esa tinchgina bazm uyushtirilayotgan banket zalda. Keyingi manzil qayerda? Ochig‘ini aytganda OMON bostirib kirib bormagan faqat muhojir er-xotinlarning yotog‘i qoldi. Uyat. Bu muhojirlar uchun uyat emas. Bu Rossiya huquq tizimi va xavfsizlik tuzilmalari uchun sharmandalikdir. Uyat. Bunday ish tartibi bilan hech qanday obro‘ qozonib bo‘lmaydi. Uyat. 

Shu ham ittifoqchimi? 

O‘zbekiston va Rossiya o‘zaro diplomatik munosabatlarda yuqori darajadagi aloqaga ega. Moskva va Toshkent 20 yildan buyon ittifoqchisi hisoblanadi. Ammo o‘zbeklarga Rossiyada qilinayotgan shafqatsiz xatti-harakatlarga chetdan nazar solinsa, bu ikki davlatni hech kim ittifoqchi deb o‘ylamaydi. So‘nggi paytlarda bu darajadagi yuqori aloqalar faqat qog‘ozda qoldi-mi, degan savol o‘rtaga chiqmoqda. Bu ishonchsizlik esa Rossiyadagi huquqsizlik, inson huquqlarini ta’minlashi va uni nazorat qilishi lozim bo‘lgan organlarning “karomati” bilan shakllanmoqda. Bu yil hisobiga ko‘ra O‘zbekiston Rossiyaga 3 ta yubordi. Nota nimaligini esa juda yaxshi bilasiz. Bu tabriknoma emas. Juda muhim, o‘ta jiddiy muammoli voqelik yuzasidan qilinadigan o‘ziga xos norozilik yoki talab ko‘rinishidagi xat. O‘zbekiston sharoitida Rossiyaga nota yuborishga kelsak, rasmiy Toshkent yoki mamlakatning Rossiyadagi vakolatxonalari O‘zbekiston fuqarolari oyoqosti qilingandagina shunday qadam tashlashga majbur bo‘ladi. 

Endi shu o‘rinda savol tug‘iladi. Qaysi zamonda bir davlat o‘ziga ittifoqchi bo‘lgan mamlakatga 9 oy ichida 3 ta nota yuborganini ko‘rgansiz? Shu ittifoqchilikmi? Rossiya ittifoqchilik va yaqin do‘stlikka yaraydimi? Qachon bu davlatda huquq-tartibot idoralari odamga o‘xshab ishlashni boshlaydi? Ular hozir amalga oshirayotgan ishlar Grozniy davridan Sovet Ittifoqida Xrushchyov davrigacha qilingan terrorning yumshoq va zamonaviy varianti emasmi? XXI asrda muhojirlarni emaklatib, ularni xuddi quldek, qo‘llarini bir-birining yelkasiga qo‘ydirib, jonli zanjirdek qatorlashtirib tekshirish insoniylikka zid emasmi? Bu muhojirlarga qilinayotgan g‘ayriinsoniy qadriyatlar, inson sha’ni va qadr-qimmatini toptash Kremldagi imperialistik tafakkurdagi siyosatchilar hamda vazirlar tomonidan siyosiy doiraga ham ko‘chirilgani yanada achinarli. 

So‘nggi kunlarda BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida AQSHga 100 dan ortiq dunyo liderlari tashrif buyurgan. Shular ichida Prezident Donald Tramp O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevni alohida e’tirof etib, u haqda katta postlar yozdi. Tramp Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashishga vaqt topdi. Shimolda O‘zbekistonga ittifoqchi deb og‘iz ko‘pirtirib aytiladigan davlatning Tashqi ishlar vaziri esa vaqti kelganda o‘zbekistonlik mavqedoshi bilan quchoqlashib ko‘rishishni ham o‘ziga ep ko‘rmagandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Rossiya Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Moskva Donal'd Tramp BMT Krasnoyarsk migratsiya Sovet Ittifoqi muhojirlar OMON “Korona” ittifoq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing