Rossiyalik ayol o‘zbekistonlik migrantni o‘ldirib, daraxt ostiga ko‘mib qo‘ydi
Olam
−
28 noyabr 28730 2 daqiqa
Rossiyaning Vladimir viloyatida 54 yoshli o‘zbekistonlik migrant tanishi tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldirildi. Bu haqda “Zebra TV” xabar berdi.
Hududiy tergov qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, fojia Petushino tumanidagi “Staroye Perepechino” qishlog‘ida yuz bergan. Noyabr oyida marhumning qarindoshi uning bedarak yo‘qolgani haqida politsiyaga murojaat qilgan. Aniqlanishicha, 16 noyabr kuni o‘sha erkak 48 yoshli mahalliy ayolning uyiga borgan.

Tergov versiyasiga ko‘ra, ular spirtli ichimlik iste’mol qilgach, o‘rtada janjal chiqqan. Ayol erkakni itargan, u polga yiqilganida esa uni arqon bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan. Ayol jinoyat izlarini yashirish uchun jasadni hovlisidagi olma daraxti ostiga ko‘mib qo‘ygan.
.jpg)
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘ldirilgan erkak Rossiyada uzoq yillar yashab, Pokrovdagi temir-beton mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonada ishlagan. Manbalarning aytishicha, ular o‘rtasidagi kelishmovchilik pul sababli chiqqan: erkak ayolning undan avval olgan qarzini talab qilgan, ayol esa yana pul so‘ragan. Jinoyatdan so‘ng gumondor ayol uning telefoni va bank kartasini ham o‘zlashtirgan.
Hodisa joyini ko‘zdan kechirish davomida daliliy ashyo topilgan. Shuningdek, ayolning avval ham narkotiklar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlangani aniqlangan. Tergov uni tergov yakuniga qadar qamoqqa olish bo‘yicha sudga murojaat qilmoqchi. Hozirda zarur ekspertizalar va boshqa tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning o‘zbekistonliklar eng ko‘p istiqomat qiladigan megapolislaridan biri Istanbulning Fotih tumanida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 36 yoshli Zulayho E. bo‘g‘zidan pichoqlanib, o‘ldirib ketilgandi.
Live
Barchasi