Rubioning Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi tayinlandi

Olam

image

Pol Kapur rasmiy ravishda AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi lavozimini egalladi. Rasmiy qasamyod marosimi kecha, 23 oktyabr kuni ertalab bo‘lib o‘tgan. Bu haqda AQSH Davlat departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Kapur ilgari Guver institutining ilmiy xodimi sifatida faoliyat yuritgan, AQSH Davlat departamentining siyosiy rejalashtirish bo‘limida ishlagan hamda Klermont-Makkenna kollejida dars bergan.

Kapur “Xavfli tiyib turish: yadro qurollarining tarqalishi va Janubiy Osiyodagi mojarolar” kitobining muallifi, “Hindiston, Pokiston va bomba: Janubiy Osiyoda yadro barqarorligi muhokamasi” asarining hammuallifi hamda “Yadro xavfsizligi muammolari: AQSH va Hindiston nuqtai nazarlari” kitobining hammuharriri hisoblanadi.

Uning ishlari yetakchi ilmiy jurnallarda va turli to‘plamlarda chop etilgan. Kapur AQSH va Hindiston o‘rtasidagi har yili o‘tkaziladigan “trak 1.5 ” strategik muloqotiga, shuningdek, AQSH Urush vazirligi topshirig‘i bilan o‘tkazilgan Amerika-Hindiston tadbirlariga rahbarlik qilgan.

Pol Kapur ushbu lavozimda 2021 yil sentyabridan 2025 yil yanvarigacha ishlagan Donald Luning o‘rnini egalladi. Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha byuro AQSHning tashqi siyosati hamda mamlakatning O‘zbekiston, Afg‘oniston, Bangladesh, Butan, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Maldiv orollari, Nepal, Pokiston, Shri-Lanka, Tojikiston va Turkmaniston bilan aloqalariga mas’ul.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Kongressi a’zolari Sidni Kamlager-Dav va Bill Xyoyzenga Prezident Donald Trampga diplomatik forumning 10 yilligi munosabati bilan Vashingtonda S5+1 sammitini o‘tkazishga chaqirib, maktub yo‘llagani haqida xabar berilgan edi. 2015 yilda tashkil etilgan S5+1 forumi AQSHning Markaziy Osiyoning beshta davlati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan hamkorligi uchun ko‘p tomonlama platforma hisoblanadi. Amerika Qo‘shma Shtatlari tashkil etilganidan beri har yili uning yig‘ilishlarida qatnashadi.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy Osiyo Marko Rubio Pol Kapur

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing