Tramp Venesuela havo hududi ochilishini aytdi

Olam

image

Kecha, 29 yanvar kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Venesuela havo hududi yaqin vaqt ichida ochilishini ma’lum qildi. Bu haqda u matbuot anjumanida aytib o‘tdi. Anjuman Oq uyning YouTube kanalida jonli efirda namoyish etildi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, u Venesuelaning vaqtincha rahbari hisoblangan Delsi Rodriges bilan telefon orqali suhbatlashgan va unga AQSH Venesuela ustidagi barcha tijoriy parvozlar uchun havo hududini ochmoqchi ekanini bildirgan.

“Men hozirgina Venesuela yetakchisi bilan gaplashdim va unga Venesuela ustidagi barcha tijoriy havo hududini ochish niyatimiz borligini aytdim”, degan Tramp.

AQSH Prezidenti, shuningdek, yaqin vaqt ichida amerikaliklar Venesuelaga borishi va o‘zini xavfsiz his qilishi mumkinligini aytdi.

Qayd etish joiz, Tramp Venesuela ustidagi havo hududini 2025 yilning noyabr oyida yopgan edi. Shundan oldin, o‘sha oyda AQSH aviakompaniyalariga 2025 yil 21 noyabrdan 2026 yil 19 fevralgacha Venesuela ustidan parvozlarda ehtiyot bo‘lish tavsiya qilingan.

2026 yilning 3 yanvarida AQSH Karakasda harbiy operatsiya o‘tkazdi. Ushbu operatsiya davomida Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores qo‘lga olinib, mamlakatdan olib chiqib ketildi. Keyinchalik ular AQSH hududida sud oldida javob berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Senatning xalqaro munosabatlar bo‘yicha qo‘mitasidagi eshituvda AQSH hukumati Venesuela rahbariyatidan “maksimal darajada hamkorlik”ni ta’minlash uchun, agar boshqa usullar samara bermasa, kuch ishlatishga tayyorligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Venesuela Donal'd Tramp Marko Rubio Delsi Rodriges

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing