Saakashvili shifoxonadan qamoqqa qaytarildi

Olam

image

Gruziya sobiq prezidenti Mixail Saakashvili 2022 yildan buyon saqlanayotgan Tbilisidagi klinikadan chiqarilib, “12-sonli tuzatish muassasasi”ga (Rustavi qamog‘iga) umumiy tartibda jazoni o‘tash uchun qaytarildi. Bu haqda 12 noyabr kuni mamlakat Maxsus penitensiar xizmati Facebook’da xabar berdi.

Qayd etilishicha, Saakashvilining sog‘ligi hozirda “qanoatlanarli”, shu bois u endilikda statsionar davolanishga muhtoj emas. Bu borada xizmat siyosatchining davolovchi shifokorining xulosasiga tayanganini qayd etdi.

Ma’lumot uchun, sobiq prezident 2021 yil 29 sentyabrga o‘tar kechasi Gruziyaga qaytgan — tergov ma’lumotiga ko‘ra, u “Vilnyus” paromi orqali Poti portiga maxfiy kelgan va yuk mashinasiga yashiringan. 2 oktyabrdagi saylovlarda hukmron “Gruziya orzusi” partiyasiga qarshi ovoz berishga chaqiriq bilan Saakashvili Facebook’da video joylagan. Keyingi videoda u ovoz berishlarni soxtalashtirish haqida taxmin qilib, norozilik namoyishlariga chaqirgan. Politsiya va maxsus xizmatlar 1 oktyabr kuni siyosatchining turgan joyini aniqlagan va u Tbilisiga kelgan haydovchining kvartirasida ushlangan va hibsga olingan.

2021 yil oktyabrda Saakashvili qamoqda ochlik e’lon qildi — u 50 kun davom etdi va faqat Goridagi harbiy gospitalga reabilitatsiya uchun o‘tkazilgandan so‘ng to‘xtatdi. Biroq 2022 yil 21 fevral kuni qamoqqa qaytarilgandan keyin siyosatchi yana ochlik boshladi — 20 kun. 12 may kuni sog‘ligi yomonlashgani sababli u Tbilisidgi xususiy “Vivamedi” klinikasiga o‘tkazilgan va u yerda alohida palatada saqlangan. 2023 yil 31 yanvar kuni Ukraina Oliy Radasi deputati Yelizaveta Yasko Saakashvilini o‘ta og‘ir ahvolda reanimatsiyaga o‘tkazishganini aytgan. Klinika buni rad etgan.

Hozir Saakashvili deputat Valeriy Gelashvilini kaltaklash ishi va bank xodimi Sandro Girgvlianini o‘ldirganlar ustidan ish bo‘yicha tayinlangan olti yillik jazoni o‘tamoqda. 2025 yil 12 mart kuni Tbilisi shahar sudi, shuningdek, davlat byudjetiga tegishli 9 million lari (taxminan 3 million yevro) mablag‘ni talon-toroj qilish ishi bo‘yicha sobiq prezidentni to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum etdi. 17 mart kuni o‘sha sud unga davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish ishi bo‘yicha yana 4,5 yil berdi. Jazolarni qisman qo‘shish natijasida siyosatchining umumiy qamoq muddati 12 yil 6 oyga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tbilisi shahar sudi Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili va Maxsus davlat qo‘riqlash xizmati sobiq rahbari Teymuraz Janashiyani davlat byudjetiga qariyb 9 million lari (3,3 million dollar) to‘lashi bo‘yicha qaror chiqargandi.


Maqola muallifi

Teglar

qamoq shifoxona Saakashvili

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing