Saida Mirziyoyeva AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan nonushta qildi

Jamiyat

image

Kecha, 7 aprel kuni AQSHning Vashington shahrida O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan biznes-nonushta formatida uchrashdi. Bu haqda Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.

Tomonlar suhbat davomida Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi yig‘ilishini muhokama qilgan.

“Suhbat chog‘ida Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi yig‘ilishi natijalarini muhokama qildik, shuningdek, iqtisodiy loyihalar portfeli izchil kengayib borayotganini qayd etdik”, deya yozgan Administratsiya rahbari.

Shuningdek, Mirziyoyeva strategik sheriklikni yanada rivojlantirishga qo‘shayotgan katta hissasi uchun Davlat kotibiga minnatdorlik bildirgan.

Qayd etish joiz, joriy yilning 6 aprel kuni AQSHning Vashington shahrida Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi rasman o‘z faoliyatini boshladi. Kengash faoliyatining maqsadi qo‘shma biznes tashabbuslari uchun mustahkam institutsional asos yaratishga qaratilgan. Unda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, elchi Serjio Gor hamda O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi maslahatchi-elchisi – Prezident Administratsiyasining AQSHdagi vakili Komil Allamjonov ishtirok etgan.

Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyev 2025 yilning 6-7 noyabr kunlari AQSHga borgan edi. O‘zbekiston yetakchisi Qo‘shma Shtatlar Prezidenti Donald Tramp bilan muzokaralar o‘tkazdi, Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining S5+1 formatidagi sammitida ishtirok etdi. Shundan so‘ng Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlar va investitsiyalar kengashi tashkil etildi. Kengash faoliyatini O‘zbekiston tomonidan Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva va AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor boshqarib boradi. Prezident Administratsiyasi rahbarining sobiq o‘rinbosari Komil Allamjonov esa O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi maslahatchi-elchisi – Prezident Administratsiyasining AQSHdagi vakili lavozimiga tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva Marko Rubio

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing