Saida Mirziyoyeva Alisher Usmonovni tabrikladi
Jamiyat
−
09 Sentabr 29014 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Alisher Otaxonovich Usmonovni tabrikladi. Bu haqda u bugun, 9 sentyabr kuni o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozdi.
Bugun, 9 sentyabr kuni Oliy sud binosida O‘zbekiston sudyalar hamjamiyati bilan konstruktiv uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Unda barcha darajadagi rahbarlar va sudyalar ishtirok etgan.
“Prezident Administratsiyasi oldiga qo‘yilgan beshta ustuvor vazifada sud islohoti muhim o‘rin tutadi. Sakkiz yil davomida Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan odil sudlov sohasidagi eng namunali xorijiy tajribani o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirildi”, deydi Saida Mirziyoyeva.
Bildirilishicha, Prezidentning sud tizimini sun’iy intellekt asosida raqamlashtirish, sudlarga yengillik yaratish maqsadida nizosiz masalalarni notariuslarga o‘tkazish, sudyalarni tayyorlashni takomillashtirish to‘g‘risida yaqinda qabul qilingan farmonlari haqida so‘z yuritilgan. Bu sohada eskirgan ta’lim tizimining o‘rnini egallaydigan Odil sudlov akademiyasi tashkil etilgani qayd etilgan.
“Ochiq va oshkora muloqot uchun barchaga minnatdorlik bildirib, Alisher Otaxonovich Usmonovni Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani bilan tabriklayman. Omad va oldimizga qo‘yilgan barcha vazifalar muvaffaqiyatli amalga oshirilishini tilayman”, deb yozadi Mirziyoyeva.
Ma’lumot uchun, Alisher Usmonov 1964 yilda tug‘ilgan. U bugunga qadar Kosonsoy tuman sudining raisi, Mingbuloq tumani prokurori, Namangan viloyatidagi xalq qabulxonasi mudiri va Prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, 5 sentyabr kuni Senatning tegishli qaroriga asosan, Alisher Usmonov besh yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari – sudlov hay’ati raisi lavozimiga saylangandi.
Live
Barchasi