Saida Mirziyoyeva Londonda YeTTB prezidenti bilan uchrashdi
Jamiyat
−
14 Oktabr 2978 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva kecha, 13 oktyabr kuni Londonda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) prezidenti Odil-Reno Basso bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiqlik siyosati va mamlakat farovonligini oshirishga qaratilgan islohotlari tufayli O‘zbekiston va YeTTB o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan. Bank ko‘magida irrigatsiya va “yashil” iqtisodiyot sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli infratuzilma loyihalarini alohida ahamiyatli.
“Biz mamlakatimizdagi ko‘plab xotin-qizlar va yoshlarning hayotini ijobiy tomonga o‘zgartirayotgan “Women in Business” va ”Youth in Business” dasturlari qo‘llab-quvvatlanayotgani, shuningdek, Qoraqalpog‘istonda hududning barqaror rivojlanishiga qaratilgan loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlikni yuksak qadrlaymiz”, deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Shuningdek, uchrashuvda Markaziy Osiyo mamlakatlarining yaxshi qo‘shnichilik borasidagi umumiy sa’y-harakatlari tufayli mintaqada ishonch va hamkorlik muhiti qaror topgani haqida yakdil fikr bildirilgan. Saida Mirziyoyeva YeTTB bilan sheriklik bundan buyon ham O‘zbekiston va butun mintaqaning ravnaqiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Saida Mirziyoyeva 9 oktyabr kuni Bryusselda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen va Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Kaya Kallas bilan uchrashgan edi. Qolaversa, Mirziyoyeva Bryusselda Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Yevropa komissari Yozef Sikela bilan ham uchrashdi.
Live
Barchasi