Saida Mirziyoyeva “Insoniy birodarlik” mukofoti sovrindorlarini tabrikladi

Jamiyat

image

Birlashgan Arab Amirliklarida tinchlik, ijtimoiy adolat va dinlararo totuvlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi nufuzli “Insoniy birodarlik” (Zayed Award for Human Fraternity) mukofoti sovrindorlari ma’lum bo‘lgani, bu yilgi mukofot Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi tarixiy tinchlik kelishuvi hamda huquq himoyachisi Zarqa Yaftaliga nasib etgani haqida xabar bergan edik. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi raisi – mukofot hakamlar hay’ati tarkibining Markaziy Osiyodan yagona vakili Saida Mirziyoyeva mukofotlanganlarni tabrikladi. 

“Shayx Zoid nomidagi “Insoniy birodarlik” xalqaro mukofoti hakamlar hay’atida ishtirok etish va 2026 yilgi mukofot sovrindorlarini chin dildan tabriklash men uchun katta sharaf. 

Ozarbayjon Respublikasi bilan Armaniston Respublikasi o‘rtasida erishilgan tinchlik kelishuvi, hatto, uzoq yillar davom etgan va murakkab nizolarni ham hal etish mumkinligini yaqqol namoyon etdi”, deydi Mirziyoyeva. 

U afg‘onistonlik Zarqa Yaftali nomini alohida tilga olgan. Uning qizlarning ta’lim olish huquqini himoya qilish borasidagi ko‘p yillik faoliyati izchil va qat’iyatli sa’y-harakatlar orqali insonlar taqdiri, butun hamjamiyatlar kelajagini o‘zgartirish mumkinligini ko‘rsatishini e’tirof etgan. 

“Men uchun tinchlik ham, qizlarning ta’limga bo‘lgan huquqlari ham jamiyatlarning barqarorligi va taraqqiyoti bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan muhim qadriyatlardir”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Ma’lumot uchun, taqdirlash marosimi 2026 yil 4 fevral kuni BMT tomonidan belgilangan Xalqaro inson birodarligi kunida bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva Insoniy birodarlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing