Samarqandda elektromoped kanalga qulashi oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi
Jamiyat
−
12:36 4713 2 daqiqa
Joriy yilning 31 may kuni Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida elektromoped 8 nafar odam bilan kanalga tushib ketdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, soat 20:25 da Samarqand viloyati FVBga “112” tizimi orqali yuk tashish uchun mo‘ljallangan elektromoped haydovchisi boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida unda bo‘lgan 8 nafar fuqaro bilan Paxtachi tumani “Ukrach” MFY hududidan oqib o‘tuvchi “Narpay” kanaliga tushib ketgani haqida xabar kelib tushgan.
Xabarga asosan, FVV qutqaruvchilari voqea joyiga yetib borgan vaqtda kanalga tushib ketgan 8 nafar fuqarodan 4 nafari aholi tomonidan qutqarib qolingani ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng zudlik bilan suvda keng ko‘lamli qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilgan. Qutqaruvchilar va aholi yordamida olib borilgan suvda qidiruv ishlari davomida qolgan 4 nafar fuqaro halok bo‘lganligi aniqlanib, kanaldan olib chiqilgan.
Olib borilgan surishtiruv ishlari davomida aniqlanishicha, Paxtachi tumanining “Ukrach” MFYda yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘z boshqaruvidagi elektromopedga jami 8 nafar shaxsni – turmush o‘rtog‘i hamda o‘zi va qo‘shni xonadondan 6 nafar voyaga yetmagan bolalarni mindirib, sayr qilayotgan bo‘lgan.
Hozirda voqea joyida Paxtachi tumani prokuraturasi, IIB, FVV tomonidan hodisaning kelib chiqish sabablarini o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatining Pop tumanidagi dam olish maskanida 23 yoshli yigit cho‘kib ketgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi