Samarqanddagi bog‘chada bolalarga sifatsiz pishiriq yedirildi (video)
3-sahifa
−
03 Oktabr 9794 2 daqiqa
QALAMPIR.UZ’ga Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi 1-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalarga sifatsiz va aynigan oziq-ovqat mahsulotlari berilayotgani bo‘yicha murojaat kelib tushdi. Shuningdek, murojaatchi tomonidan ovqatlarning umuman gigiyena va saqlash talablariga amal qilmay tayyorlanishi hamda ushbu muassasada 50 dan ziyod bola bir turdagi kasallik bilan og‘rigani ma’lum qilindi. Mazkur holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosbat bildirdi.
Qayd etilishicha, ushbu holat Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi va viloyat Sanitariya va epidemiologiya jamoat salomatligi boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida ishchi guruhi tuzilib, o‘rganilgan. O‘rganishlar jarayonida 1-son DMTTda faoliyat yuritayotgan oshpazlarning ovqat pishirish texnologiyalariga amal qilmagani hamda e’tiborsizligi sabab kechki nonushtaga tayyorlangan shirin kulchalar (“bulochkalar”) kuydirib pishirilgani aniqlangan. Ushbu holat yuzasidan buyurtmachi tomonidan autsorsing “Proof food” MCHJ korxonasi rahbariyati ogohlantirilgan.
Shuningdek, autsorsing tomonidan sifatsiz go‘sht mahsulotlari yetkazib berilgani haqidagi xabar o‘z isbotini topmagan. Nurobod tuman tibbiyot birlashmasi hamda Sanepidqo‘mita tuman birlashmasi epidemiologi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 30 sentyabr sanasidan bugungi kunga qadar bog‘cha yoshdagi bolalarning ovqatdan zaharlangani bo‘yicha murojaat tushmagan. Bundan tashqari, 50 dan ziyod bolalar bir turdagi kasallik bilan og‘rigani ham rad etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar ommaviy zaharlangandi. Buning ortidan bir nechta autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi xususiy korxonalarning mas’ul shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lishi mumkinligi haqida aytildi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga olib borilgan 3,2 foizli kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr