Sammit tufayli Toshkentdagi qator ko‘chalar vaqtincha yopiladi

Jamiyat

image

Joriy yilning 14-17 noyabr kunlari Toshkent shahrida bir qator yirik xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan. Shu sababli Toshkent shahrining ayrim ko‘chalarida vaqti-vaqti bilan transport vositalarining harakati qisman cheklanib, ular uchun aylanma harakat tashkil etiladi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 15 noyabr kuni soat 14:00 dan 19:00 gacha Abdulla Qodiriy-Ganga ko‘prigi kesishmasidan Abdulla Qodiriy, Qorasaroy, Zarqaynar ko‘chalari chorrahasigacha yopilib, haydovchilar Sebzor va Nurafshon ko‘chalari bo‘ylab harakatlanishlari mumkin.

Shu kuni soat 9:00 dan 19:00 gacha Abdulla Qodiriy-Qorasaroy ko‘chalari chorrahasidan Qorasaroy ko‘chasi bo‘ylab Nurafshon-Qorasaroy ko‘chalari chorrahasigacha yopilib, haydovchilar Qorasaroy ko‘chasidan kichik halqa yo‘ligacha hamda Nurafshon ko‘chasidan Sebzor ko‘chasi bo‘ylab harakatlanishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, 16 noyabr kuni soat 10:00 dan 15:00 gacha Islom Karimov-Botir Zokirov ko‘chalari chorrahasidan Islom Karimov ko‘chasi bo‘ylab, Islom Karimov-Furqat ko‘chalari chorrahasigacha vaqti-vaqti bilan qisman yopiladi. Haydovchilar Botir Zokirov-Alisher Navoiy ko‘chalari hamda Olmazor-Beshyog‘och ko‘chalari orqali Furqat ko‘chasiga o‘tishi mumkin.

16 noyabr kuni soat 9:00 dan 15:00 gacha Islom Karimov-Furqat chorrahasidan Furqat ko‘chasi ikkinchi darajali yo‘l bo‘ylab Xadra maydonigacha yopilib, haydovchilar Alisher Navoiy va Islom Karimov ko‘chalari bo‘ylab harakatlanishlari mumkin bo‘ladi.

Shu bilan birga mazkur tadbirlar munosabati bilan joriy yilning 14-17 noyabr kunlari hududlardan kelayotgan yuk tashuvchi transport vositalarining Toshkent shahriga kirishi cheklanadi. Shahar markazida esa yuk tashuvchi transport vositalarining harakatlanishi to‘liq to‘xtatiladi.

“Hurmatli yurtdoshlar, xalqaro tadbirlar doirasida belgilanadigan vaqtinchalik cheklovlar sababli vodiydan vohaga hamda vohadan vodiyga harakatlanish D012 avtomagistral yo‘li orqali amalga oshirilishini ma’lum qilamiz. Sizlardan yuzaga keladigan vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tishi haqida xabar berilgan edi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mezbonlik qiladigan Toshkent sammitida mintaqa davlatlari yetakchilari – Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov qatnashishi kutilmoqda.  


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent shahri Sammit

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing