Sankt-Peterburgda migrantlarga taksichilik qilish taqiqlandi
Olam
−
29 iyul 3590 2 daqiqa
Rossiyaning yirik shaharlaridan biri bo‘lgan Sankt-Peterburgda taksoparklarga patent asosida faoliyat yuritadigan chet elliklarni ishga olish taqiqlandi. Bu haqda shahar matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, taqiq “Rossiya Federatsiyasidagi xorijiy fuqarolarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi Federal qonunining 18.1-moddasi 6-bandiga muvofiq, aynan “yengil avtomobillar taksisi va haydovchisi bilan ijaraga olingan yengil avtomobillar” sohasiga nisbatan joriy yil oxirigacha joriy etilgan.
“Qaror taksichilik sohasida xizmatlar sifati va xavfsizligini oshirish hamda Rossiya Federatsiyasi fuqarolari uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan. Amaldagi mehnat munosabatlarini yakunlash va o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun yangi xodimlarni jalb qilish imkonini beruvchi 3 oylik o‘tish davri nazarda tutilgan”, deyiladi shahar gubernatori farmoyishida.
Qaror e’lon qilingandan 10 kun o‘tib kuchga kiradi.
Ma’lumot uchun, Rossiyada chet el fuqarosining patenti – bu mamlakat hududida qonuniy ishlash huquqini beruvchi hujjatdir. Uni Rossiya bilan vizasiz rejim amal qiladigan davlatlar fuqarolari rasmiylashtirishi lozim.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Davlat Dumasi deputatlari migrantlarning xorijga yuboradigan pul mablag‘lariga cheklov qo‘yishni taklif qilgandi. Ushbu taklifga ko‘ra, agar migrant o‘z rasmiy daromadidan ortiqcha miqdorda pul jo‘natmoqchi bo‘lsa, u daromadlarini tasdiqlovchi moliyaviy deklaratsiyani taqdim etishi lozim bo‘ladi. Hozirgi kunda amaldagi qonunchilikda bunday cheklovlar mavjud emas va pul o‘tkazmalari ustidan nazorat qilinmaydi.
Live
Barchasi