Saudiya Arabistoni Makkada ulkan loyihaga start berdi (video)
Olam
−
17 Oktabr 10560 2 daqiqa
Saudiya Arabistoni “Podsho Salmon darvozalari” nomli ulkan loyihani ishga tushirdi. Bu loyiha dunyodagi eng katta masjid – Makka shahridagi Al-Haram masjidi atrofidagi 12 million kvadrat metr maydonni o‘z ichiga oladi. Bu haqda Saudiya axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, valiahd shahzoda va mamlakat Bosh vaziri Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud “Podsho Salmon darvozalari” loyihasining startini e’lon qilgan. Loyiha “Vision 2030” milliy dasturi doirasida, mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish maqsadida amalga oshiriladi.
“Podsho Salmon darvozalari loyihasi Al-Haram masjidi yaqinida joylashgan strategik hududda quriladi va ko‘p funksiyali majmua bo‘ladi. U Makkadagi infratuzilma rivojlanishida sifat jihatidan yangi bosqichni ta’minlaydi hamda shaharni urbanistik rivojlanishning global modeliga aylantiradi”, deyiladi xabarda.
Loyihaga ko‘ra, 2036 yilga borib bu majmua 900 ming nafar ziyoratchini qabul qila oladi. Unda yopiq ibodat zallari, ochiq hovlilar, turarjoylar, madaniy maskanlar va xizmat ko‘rsatish inshootlari bo‘ladi. Shuningdek, 19 ming kvadrat metr maydondagi tarixiy va madaniy hududlar rekonstruksiya qilinadi hamda 300 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistoni “Mukaab” deb nomlangan dunyodagi eng katta bino loyihasini qurishni boshlagani haqida xabar berilgan edi. Bu bino poytaxt Ar-Riyod shahrida joylashgan va 400 metr balandlikdagi ulkan kub shaklida bo‘ladi. Qurilish yakunlangach, u dunyodagi eng katta bino bo‘lishi kutilmoqda va 2 million kvadrat metr maydonni qamrab oladi.
Live
Barchasi