Sergeli mashina bozorida 100 nafar “saygak” ushlandi (video)
3-sahifa
−
30 may 11528 2 daqiqa
Toshkent shahrining Sergeli tumanida joylashgan “Sergeli” MCHJ mashina bozorida noqonuniy faoliyat olib boruvchi firibgarlarga nisbatan 8-9 yillik qamoq jazolari tayinlandi. Bu haqda Toshkent shahri IIBB axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, Toshkent shahri IIBB tomonidan o‘tkazilgan tezkor profilaktik tadbirda Sergeli tumani mashina bozorida noqonuniy faoliyat olib borayotgan hamda o‘rtakashlik (saygaklik) qilayotgan bir qator shaxslar aniqlanib, ularni tuman boshqarmasiga olib ketilgan va hujjatlar rasmiylashtirib, tegishli choralar ko‘rilgan.
Ma’lum qilinishicha, jami 100 nafar shaxs aniqlangan. 50 tasi bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan bo‘lsa, ulardan 30 nafariga Sergeli tumani sudi tomonidan ma’muriy qamoq hamda jarima jazosi tayinlangan.
Bildirilishicha, 2025 yil hamda 2026 yilning o‘tgan davrida shu kabi holatlar yuzasidan 10 ga yaqin jinoyat aniqlangan.
Masalan, 2026 yilning yanvar oyida fuqaro Tojiboyev tomonidan Sergeli tumani hududida joylashgan avtotransport vositalari va ularning ehtiyot qismlari bozori hududida bir necha fuqarolarni aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan ularning mulkini qo‘lga kiritish maqsadida go‘yoki ularga avtotransport vositasini arzon narxlarda sotishni va’da qilib, firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan mulklarini o‘z ehtiyoji uchun sarflab yuborganlik holati aniqlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudi tomonidan fuqaro Tojiboyevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “A” bandi bilan aybli deb topilib, unga nisbatan 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Bundan tashqari, 2026 yilning yanvar oyida fuqaro Sherqobilov ham avtomashina bozori hududida xuddi yuqoridagidek firibgarlik holatlarini amalga oshirgani ma’lum bo‘lgan.
Hozirgi kunda fuqaro Sherqobilovga nisbatan Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “A” bandi bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida o‘qishga va ishga kiritib qo‘yish bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etilgan edi.
Live
Barchasi