“Shaxsan ma’lumot berishni istadim“. Aroqchi Putin bilan uchrashdi

Olam

image

Kecha, 27 aprel kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida Prezident Vladimir Putin Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuvda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Prezident yordamchisi Yuriy Ushakov hamda Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Igor Kostyukov ishtirok etdi.

Eron tomonidan esa, Rossiyadagi favqulodda va muxtor elchi Kozim Jaloliy hamda Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kozim Garibabadi qatnashgan.

Putin suhbat boshida o‘tgan haftada Eron Oliy rahbaridan maktub olganini, unga o‘zining chuqur minnatdorligini bildirgan. U shuningdek, Rossiya ham Eron kabi strategik hamkorlikni davom ettirish niyatida ekanini aytgan.

“Biz Eron xalqi o‘z mustaqilligi va suvereniteti uchun qanday jasorat va matonat bilan kurashayotganini ko‘rib turibmiz. Albatta, umid qilamizki, aynan shu jasorat va mustaqillikka intilish tufayli, Eron xalqi yangi rahbar boshchiligida bu murakkab sinov davridan o‘tib, tinchlikka erishadi.

O‘z navbatida, sizning manfaatlaringizga, shuningdek mintaqadagi barcha xalqlar manfaatlariga mos keladigan tarzda tinchlik tezroq qaror topishi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz. Siz bizning pozitsiyamizni yaxshi bilasiz”, degan Rossiya Prezidenti.

Aroqchi esa, marhum Eron Oliy rahbarining shahid bo‘lishi munosabati bilan yo‘llagan ta’ziyasi hamda yangi rahbar saylangani munosabati bilan yo‘llagan tabriklari uchun Putinga alohida minnatdorlik bildirgan. U shuningdek Prezident Mas’ud Pezeshkiyonning samimiy tilaklarini yetkazgan.

“Ular, shuningdek, ushbu tashrifim davomida sizga shuni yetkazishimni so‘rashdi: Eron–Rossiya munosabatlari biz uchun eng yuqori darajadagi strategik hamkorlikni anglatadi va biz shu yo‘lda davom etamiz. Qanday voqealar bo‘lishidan qat’i nazar, bu aloqalar yanada mustahkamlanadi”, degan Aroqchi.

Vazir qolaversa, Rossiyani og‘ir damlarda Eron yonida turgan do‘st mamlakat ekanini ta’kidlagan. Aroqchi urush voqealaridan keyin ilk xorijiy safari doirasida Rossiyaga kelishga qaror qilganini va Putinga yuz bergan barcha jarayonlar haqida shaxsan ma’lumot berishni istaganini bildirgan.

“Siz to‘g‘ri ta’kidlaganingizdek, butun dunyoga ayon bo‘ldiki, Eron xalqi o‘z qarshiligi va jasorati bilan AQSHning hujumlari va agressiyasiga bardosh bera oldi va bu sinov davridan ham o‘tadi. Shuningdek, Eronning Rossiya Federatsiyasi kabi do‘st va ittifoqchilari borligi ham isbotlandi — ayniqsa og‘ir damlarda ular Eronning yonida turadi. Biz Islom Respublikasini qo‘llab-quvvatlashdagi qat’iy pozitsiyangiz uchun minnatdormiz”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan telefon orqali suhbatlashdi. Suhbat davomida tomonlar AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlarini muhokama qilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Eron Vladimir Putin Abbos Aroqchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing