Shavkat Mirziyoyev Hakim Termiziy maqbarasini ziyorat qildi
Jamiyat
−
26 fevral 4726 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 fevral kuni Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Davlat rahbari safarini Hakim Termiziy maqbarasi ziyoratidan boshladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif davomida Qur’on tilovat etilib, xalqqa, yurtga tinchlik-farovonlik tilab, duo qilingan.
Ulamolar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma Hakim Termiziyning ma’naviy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish hamda o‘zbekistonliklar va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish haqida so‘z yuritilgan.
Shuningdek, muqaddas dinning ezgulik va insonparvarlik, mehr-shafqat kabi buyuk fazilatlari, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularning qalbida vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlangan.
Keyingi yillarda ta’mirlanib, yanada obod va go‘zal majmuaga aylangan ushbu tabarruk maskanda ziyoratchilar uchun barcha sharoit yaratildi. Atrof obodonlashtirilib, maqbarada ham katta hajmdagi ishlar bajarildi. Zamonaviy yoritqichlar, isitish va sovitish tizimlari o‘rnatildi. Majmuada mikroiqlim yaratish uchun to‘rt mingdan ortiq 40 turdagi ko‘p yillik manzarali daraxt, 20 mingdan ziyod mavsumiy anvoyi gullar ekilgan.
Islom ilmlarining tafsir, hadis, fiqh, kalom, islom falsafasi, tasavvuf tarixi, tasavvufiy qarashlar kabi sohalarida ko‘plab asar yozgan mutafakkir majmuasini obod saqlash, ziyoratchilar uchun qulayliklarni kengaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berilgan.
Live
Barchasi