Shavkat Mirziyoyev AQSH savdo vakili bilan uchrashdi
Jamiyat
−
03:20 265 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga amaliy tashrifi doirasidagi ishbilarmonlik uchrashuvlarining navbatdagisi AQSH savdo vakili Jeymison Grir bilan bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda qo‘shma loyihalar doirasida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimining amaliy natijalari muhokama qilingan.
O‘zbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlari, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalarida barqaror sur’atda rivojlanib borayotgani ta’kidlangan.
O‘zaro savdoni ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishdagi muvaffaqiyatlar mamnuniyat bilan qayd etilgan. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshgan.
O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini yakuniga yetkazishga oid masalalarda amaliy hamkorlikni kuchaytirish va AQSH tomonidan ushbu jarayonlarni yanada qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Mahsulotlarni barqaror yetkazib berish, texnik tartibga solish va raqamli savdoga oid mintaqaviy yondashuvlarni ishlab chiqish maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH o‘rtasidagi Savdo va investitsiyalar bo‘yicha hadli bitim (TIFA) doirasida hamkorlikni faollashtirish taklifi bildirilgan.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti AQSH savdo vakili Jeymison Grirni joriy yilning iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev AQSH Savdo vaziri Xovard Latnik bilan uchrashgani hamda AQSH Eksport-import banki prezidenti va raisi Jon Yovanovich, shuningdek, Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blekni qabul qilgani haqida xabar berilgan edi.