Shavkat Mirziyoyev Jon Yovanovich va Ben Blekni qabul qildi
Jamiyat
−
01:41 373 2 daqiqa
Vashington shahriga tashrifning ishbilarmonlik tadbirlari davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Eksport-import banki prezidenti va raisi Jon Yovanovich hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blekni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda o‘tgan yili AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar AQSH ishbilarmon doiralari bilan savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga kuchli turtki bergani ta’kidlangan.
Ishbilarmonlik kengashi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ustuvor loyihalarni tizimli ilgari surish uchun Investitsiya platformasini ishga tushirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Eksimbank bilan hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olingan. Yirik sanoat va infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirish hamda yuqori texnologiyali uskunalar yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlash shular jumlasidan.
DFC rahbariyati bilan suhbatda investitsiyaviy hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash muhimligi ta’kidlangan. Korporatsiyaning yirik milliy va mintaqaviy loyihalarda ishtirok etish, moliya bozori va energetika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha rejalari qo‘llab-quvvatlangan.
O‘zbekiston Prezidenti AQSH tomonini Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qilgan.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston rahbari huzurida tashrif davomida imzolangan O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida investitsiya platformasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim almashilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev AQSH Savdo vaziri Xovard Latnik bilan uchrashgani haqida xabar berilgan edi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev AQSHga tashrif doirasida “Tinchlik kengashi”ning birinchi sammitida ishtirok etadi.