Shavkat Mirziyoyev Gulistondagi portlashda jabrlanganlar holidan xabar oldi (video)
Jamiyat
−
04 dekabr 3719 3 daqiqa
2 dekabr kuni soat 10:49 da Guliston shahrining “Taraqqiyot” MFY hududida joylashgan ovqatlanish shoxobchasida gazballon portlashidan yong‘in kelib chiqqandi. Mazkur hodisa oqibatida 3 nafar fuqaro vafot etdi, ko‘plab odamlar jabrlandi. Bugun, 4 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev jabrlanganlar holidan xabar oldi.
“Ikki kun oldin Guliston shahridagi umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan birida gazballon portlab, 29 nafar odam jarohat olgan edi. Bugun Prezidentimiz Sirdaryoga tashrifi doirasida shifoxonaga kelib, ulardan xabar oldi, yaqinlari bilan suhbatlashdi”, deb yozdi Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Asadov e’lon qilgan videodan Prezidentga Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov hamrohlik qilganini ko‘rish mumkin.

Markaz rahbariyati va shifokorlar Prezidentga bemorlarning ahvoli va davolash jarayonlarining borishi haqida axborot berdi. Davlat rahbari baxtsiz voqeada turli darajada tan jarohati olgan fuqarolar davolanayotgan palatalarga kirib, ulardan xabar oldi, oila a’zolari bilan suhbatlashdi.
Prezident mutasaddilarga jabrlanganlarga zarur barcha tibbiy yordam ko‘rsatilishini qat’iy nazoratga olish bo‘yicha topshiriq berdi. Baxtsiz hodisa oqibatida qurbon bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, ularga moddiy yordam ko‘rsatish zarurligini qayd etdi.

Mas’ullar oldiga sodir bo‘lgan voqeaning sabablarini puxta o‘rganish, qonun ustuvorligini ta’minlash, kelgusida bunday holatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligi ustidan nazorat ishlarini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.
SSV ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida 29 nafar fuqaro turli darajadagi kuyish va tan jarohatlari olgan. Shundan 26 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filialiga yotqizilgan, 3 nafarining ahvoli qoniqarli bo‘lgani boisYu ambulator yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Davron To‘laganov boshchiligidagi kombustiolog, reanimatolog, neyroxirurg, qo‘shma jarrohlar xirurgi, travmatolog va mikroxirurglardan iborat mutaxassislar shu kunning o‘zida voqea joyiga yetib borib, bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatgan.

O‘ta og‘ir ahvolda qabul qilingan bemorlardan 3 nafari vafot etgan. Hozirgi paytda shifoxonaga yotqizilgan 1 nafar bemorning ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lib, u sun’iy nafas olish apparatida. Reanimatsiyadagi mavjud bemorlarning 5 nafari stabil og‘ir, nafasi mustaqil, hushida. Ayni paytda qabul qilingan bemorlardan ikki nafari homiladorligi sababli Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo viloyati filialiga ko‘chirilgan. Ularning ahvoli qoniqarli. Qolgan 15 nafar bemorning ham ahvoli qoniqarli bo‘lib, ular tegishli bo‘limlarda muolaja olmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 4 dekabr kuni Sirdaryo viloyatiga borgandi. Prezident viloyat faollari va nuroniylar bilan muloqot qildi. Davlat rahbari viloyatga tashrifi davomida sanoat korxonalari faoliyati va mahallalardagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishadi hamda Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalarini belgilab beradi.
Live
Barchasi