O‘zbekiston va BAA orasidagi loyihalar portfeli 20 mlrd dollarga yetdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 5 dekabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilmalar vaziri Suhayl al-Mazruiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda BAAning “Masdar” kompaniyasi rahbari Muhammad Jamil al-Ramahiy, “Etihad Water & Electricity” kompaniyasi rahbari Yusuf al-Ali va “TAQA Water Solutions” kompaniyasi rahbari Ahmad al-Shamsiy ham ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida vazir O‘zbekiston yetakchisiga BAA Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad Ol Maktum, vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon hamda Abu-Dabi Amirligi valiahdi Shayx Xolid Ol Nahayonning salomini yetkazdi.

O‘zbekiston – BAA do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Hamkorlik barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma korxonalar va aviaqatnovlarning soni barqaror oshib bormoqda. Loyihalar portfeli 20 milliard dollarga yetgan.

Transport-logistika, oziq-ovqat, kon-metallurgiya, energetika hamda boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi loyihalarni tayyorlash va ilgari surish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi. So‘nggi yillarda energetika sohasida birgina "Masdar" kompaniyasi bilan O‘zbekiston hududlarida 1,5 milliard dollarlik 6 ta loyiha amalga oshirildi.

Bugun Buxoro viloyatida navbatdagi quyosh elektrostansiyasi va energiya saqlash tizimi ishga tushirildi, Qashqadaryo viloyatida 600 million dollardan ziyod qiymatdagi shunday inshootlar qurilishi boshlandi.

BAA kompaniyalari rahbarlari Prezidentga shamol elektr stansiyasi va energiya saqlash quvvatlari, gidroelektrostansiyalarini barpo etish rejalari hamda tozalash inshootlari qurilishining borishi to‘g‘risida ma’lumot berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev BAA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing