Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarovni tabrikladi
Jamiyat
−
11:51 2314 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 4 iyun kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat avvalida davlat rahbari Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti va qardosh xalqini mamlakatning 2027–2028 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zosi etib saylangani munosabati bilan samimiy tabriklagan.
O‘zbekiston yetakchisi mazkur muvaffaqiyat Qirg‘izistonning faol tashqi siyosati hamda mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga qo‘shayotgan salmoqli hissasi xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak e’tirof etilayotganining yorqin ifodasi ekanini ta’kidlagan.
Tomonlar xalqaro maydonda yaqindan muvofiqlashuv va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqlagan.
Suhbat chog‘ida davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari bugungi kunda yuksak darajaga ko‘tarilganini katta mamnuniyat bilan qayd etgan.
Oliy darajadagi uchrashuvlar davomida erishilgan, eng avvalo, iqtisodiyot, transport, energetika sohalarida hamda madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Yetakchilar bo‘lajak oliy darajali tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston o‘z tarixida ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zosi etib saylangani haqida xabar berilgandi. Respublika 2027–2028 yillarda jahon tashkilotining asosiy organlaridan biri tarkibida bo‘ladi.
Ovoz berish kecha, 3 iyun kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining yig‘ilishida bo‘lib o‘tgan. Qirg‘iziston Respublikasi nomzodi uchun 142 ta davlat ovoz bergan. Xavfsizlik Kengashidagi o‘rin uchun kurashgan Filippin esa 49 ta ovoz olgan.
Qirg‘iziston Respublikasining vakolat muddati 2027 yil 1 yanvarda boshlanib, 2028 yil 31 dekabrda yakunlanadi.
Live
Barchasi