Putin va Mirziyoyevning kun tartibi e’lon qilindi
Olam
−
10:24 6941 3 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 4 iyun kuni Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida ishtirok etish uchun tashrif buyuradigan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazadi. Bu haqda TASS yozmoqda.
Suhbat Konstantin saroyida bo‘lib o‘tadi. Bu davlat rahbarlarining oxirgi vaqtlardagi uchinchi yuzma-yuz uchrashuvi ekani urg‘ulangan.
O‘zbekiston rahbari Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabaning 81 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan rasmiy tadbirlarda ishtirok etish uchun 9 may kuni Moskvaga borgan edi. Shuningdek, yaqinda Ostonada bo‘lib o‘tgan YeOII sammiti doirasida ikki Prezident o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Bugun bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda Prezidentlar O‘zbekistondagi integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energobloki qurilishiga start berishi kutilmoqda. Putin va Mirziyoyev marosimda videoaloqa orqali ishtirok etadilar.
“Qurilish maydonchasida ularni, xususan, MAGATE (Xalqaro atom energiyasi agentligi) bosh direktori Rafael Grossi, “Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachev, “O‘zatom” agentligi rahbari Azim Axmedxo‘jayev kutib oladi”, deydi Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin va Mirziyoyevning nutqlari hamda Grossining qisqacha tabrik so‘zidan so‘ng Lixachev birinchi raqamli energoblokning poydevor plitasiga beton quyishni boshlash uchun texnik tayyorgarlik haqida hisobot beradi va Putindan ishlarni boshlashga ruxsat so‘raydi. Shundan so‘ng Axmedxo‘jayev ham Mirziyoyevga yo‘llagan hisobotida xuddi shunday qiladi. Shundan keyin Prezidentlar atom elektr stansiyasi qurilish maydonchasida ishlarni boshlashga ruxsat beradi.
Rossiya tomonining qayd etishicha, O‘zbekistondagi integratsiyalashgan AES loyihasi noyobdir: ilk marotaba bitta maydonda kichik va katta quvvatli AESlar barpo etiladi. Reaktor binosi poydevoriga “birinchi beton” quyishning boshlanishi ob’ektning MAGATE standartlari bo‘yicha qurilayotgan atom elektr stansiyasi maqomiga o‘tishini bildiradi. Loyiha tarkibiga VVER-1000 reaktorlari asosidagi ikkita katta quvvatli energoblok va har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan ikkita RITM-200N reaktoridan iborat energoblok kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan joriy yilning 4-5 iyun kunlari amaliy tashrif bilan Sankt-Peterburg shahrida bo‘lishini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot uchun, tomonlar O‘zbekistonda atom quvvatini yaratish bo‘yicha hukumatlararo bitimni 2018 yilda imzolagan. Unda har birining quvvati 1,2 gigavatt bo‘lgan ikkita energoblok qurish ko‘zda tutilgan. 2025 yilda tomonlar har biri 55 megavatt quvvatga ega bo‘lgan oltita kichik blok qurishga kelishib olgan, biroq keyinroq loyihani o‘zgartirishga qaror qilindi va 2026 yilning martida shartnomaga tuzatish kiritildi.
Yangi kelishuvga ko‘ra, “Rosatom” O‘zbekistonda Rossiyaning VVER-1000 reaktorlari asosida ikkita yirik quvvatli energoblok va RITM-200 reaktorlari asosida har biri 55 megavatt quvvatga ega bo‘lgan ikkita kichik atom bloklarini quradi. Ushbu stansiya Rossiya tomonidan xorijda qurilgan birinchi kichik quvvatli AES bo‘lishi mumkin.
Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyoning beshta davlatidan hech birida AES mavjud emas. O‘tgan yilning iyun oyida Qozog‘iston mamlakatdagi ilk AES qurilishi uchun “Rosatom”ni xalqaro konsorsium rahbari sifatida tanlagan (unda Rossiya korporatsiyaning flagmani hisoblangan “3+” avlodga mansub VVER-1200 reaktoridan foydalanishni rejalashtirmoqda). Joriy yilning may oyida esa Moskva va Ostona quvvati 2,4 gigavatt, qiymati taxminan 16,5 milliard dollarni tashkil etishi mumkin bo‘lgan “Balxash” AESni qurish bo‘yicha hukumatlararo bitim imzolagan.
Live
Barchasi