Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarov bilan telefonda gaplashdi
Jamiyat
−
10 fevral 3483 1 daqiqa
Bugun, 10 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, suhbat davomida O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqilgan.
Tovar ayirboshlash sur’ati barqaror ekani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Sanoat kooperatsiyasi loyihalari amalga oshirilmoqda, yirik infratuzilmaviy loyihalar, shu jumladan “Xitoy - Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘li va Qambarota gidroelektrstansiyasi qurilishi bo‘yicha birgalikdagi ishlar davom ettirilmoqda.
Prezidentlar mintaqaviy kun tartibining dolzarb jihatlari yuzasidan ham fikr almashgan, bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini muhokama qilgan.