Shavkat Mirziyoyev Surxondaryodagi harbiy qismga bordi
Jamiyat
−
26 fevral 2473 2 daqiqa
Bugun, 26 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoga viloyatiga tashrifi chog‘ida harbiy qismda ham bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakat mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar qo‘shinlarning jangovar salohiyati va harbiy-ma’muriy sektorlar faoliyatini yanada yuksaltirishda muhim omilga aylanmoqda.

Mazkur qismda ham harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini oshirish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. O‘quv binolari, oshxona, yotoqxona, ma’naviyat va ma’rifat xonalari, sport shaharchasi eng zamonaviy texnika va uskunalar bilan jihozlangan.

Hozirgi kunda turli mintaqaviy mojarolarda sun’iy intellekt, robot, raketa, dron va ularga qarshi vositalar keng qo‘llanmoqda. Shundan kelib chiqib, Oliy Bosh Qo‘mondon tomonidan qo‘shinlarda dronlar va ularga qarshi kurashish, sun’iy intellekt bilan ishlaydigan kibertuzilmalar, robotlashgan texnikalarni qo‘llash va havo hujumidan mudofaa bo‘yicha yangi bo‘linmalarni tashkil etish vazifasi qo‘yilgan.

Bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, milliy armiya zamonaviy qurol-aslahalar bilan ta’minlanmoqda.

Davlat rahbari harbiy qismda yaratilgan sharoitlar, harbiy texnika va qurol-aslahalarni, shu jumladan, zamonaviy havo hujumidan mudofaa komplekslarini ko‘zdan kechirgan.

Milliy armiyani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda zamonaviy qurolli mojarolar, xavfsizlikka mavjud tahdidlar va harbiy harakatlar teatri xususiyatlarini hisobga olish zarurligi ta’kidlangan.

Qurolli Kuchlarning salohiyatini oshirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shaxsiy tarkibning shayligini yuksaltirish yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosini izchil davom ettirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoga viloyatiga tashrifi chog‘ida umumiy qiymati 7,1 mlrd dollar bo‘lgan 44 ta loyihani ishga tushirgandi. Shuningdek, Prezident Jarqo‘rg‘on tumanida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massiviga tashrif buyurib, sumalak saylida ishtirok etdi.
Live
Barchasi